08:54 / 14.08.2019
28997

O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etildi 

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Jahon banki tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish va uning samaradorligini oshirish, aholining keng qatlamlarini biznes yuritishga jalb qilish va boshlang‘ich kapitaldan foydalanish imkoniyatini ta'minlash bo‘yicha davlat organi sifatida tavsiya etilgan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etildi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

kichik biznes va tadbirkorlikni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish;

vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;

ishbilarmonlik muhitining joriy holatini o‘rganish, shu jumladan, so‘rovnomalar o‘tkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xomashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

biznesni kengaytirishni rag‘batlantirishga, qo‘shimcha qiymat yaratishning yaxlit zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga, eksportni ko‘paytirishga, doimiy ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish;

yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va o‘rta korxonalar – oraliq tovarlar va xizmatlar (xomashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish;

kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlariga, shu jumladan, aholining zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslariga kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam ko‘rsatish;

kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarini qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, o‘quv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tizimini shakllantirish;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat ko‘magini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish.

Belgilab qo‘yilishicha, Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi bo‘lib, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga bo‘ysunadi.

Top