9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

15:51 / 15.08.2019 2226

Andijondagi mavjud 759ta ta'lim muassasasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik qizg‘in

Andijon viloyatidagi barcha ta'lim muassasalari 2019-2020 o‘quv yiliga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqdalar. Yozgi ta'tildan qaytgan pedagoglarning kayfiyati a'lo darajada, ular yangi o‘quv yilida katta shijoat bilan mehnat qilib, o‘z oldilariga qo‘yilgan mas'uliyatli vazifani uddalashga shay holatda turibdilar. Ularning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berilmoqda. 

Bugungi kunda viloyatda jami 759 ta ta'lim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda. Aniqroq aytganda, 741 ta maktab (shu jumladan 11 ta maxsus maktab va 45 ta maktab-internat), 1 ta Mehribonlik uyi, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari mavjud. Umumta'lim maktablaridagi o‘quvchilar soni 531 ming 167 nafar, pedagoglar esa 36 ming 29 nafar.

2019 yilda investitsiya Dasturiga binoan viloyatdagi jami 26 ta umumta'lim maktablarida 85,7 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida esa 29 ta umumta'lim maktablarida qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu maqsadlarga 101,4 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. 

Shuningdek, viloyat hokimining tashabbusi bilan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Shahrixon va Ulug‘nor tumanlarida ikkita yangi kompleks maktab qurilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy budjetdan 20 ta maktabning qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 69.8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanib, hozirda qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilmoqda.

2019-2020 yillar kuz-qish mavsumi uchun 31952 tonna ko‘mir yoqilg‘isi jamg‘arish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunga qadar jami 13824 tonna (43 foiz) ko‘mir yoqilg‘isi, shundan 5352 tonna (65 foiz) ko‘mir, 8 472 tonna (36 foiz) ko‘mir briketi ta'lim muassasalariga yetkazib berildi.

2019 yilda mahalliy budjet hisobidan 32.8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, 177 ta ta'lim muassasalarida ma'nan eskirgan isitish qozonlari o‘rniga 539 dona yangilarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Ayni paytgacha 199 ta yangi isitish qozonlari o‘rnatib bo‘lindi.

“Ta'lim muassasalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash maqsadida viloyatdagi xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan 29 ta tayanch maktablari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan jami 87 dona (har biri 3 donadan) videoproyektorlar bilan jihozlandi. Shuningdek, moddiy-texnik baza qayta o‘rganib chiqilib, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan jami 201 mln. 188 ming so‘mlik kimyo, fizika, biologiya fan kabineti jihozlari va laboratoriya anjomlari keltirilib, barcha tayanch maktablariga yetkazib berildi”, deydi Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasining boshlig‘i Furqatbek Buzrukov.

2019-2020 o‘quv yilida 34 ta kasb-hunar kolleji binolaridan 15 tasida yangi umumiy o‘rta ta'lim maktablarini tashkil etish, qolgan 19 ta kasb-hunar kolleji binolariga mavjud maktablarni ko‘chirish hamda qo‘shimcha bino sifatida berish rejalashtirilgan.

Top