14:50 / 15.08.2019
3769
Innovatsion rivojlanish vazirligi qaysi vazifalarni bajarishda kechikayotgani aytildi
Foto: parliament.gov.uz

Joriy yilning 13 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida Innovatsion rivojlanish vazirligining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlarida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish, ularga erishish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida baholash mezonlari asosida o‘tkazilgan tahlillar natijasi muhokama qilindi. Mazkur tahlillar natijasi 2019 yilning 2-choragi davomida bajarilishi lozim bo‘lgan 9 ta banddagi 11 ta topshiriqning 4 tasi bajarilgan, 5 tasi bajarilayotgani, 2 tasi esa muddatidan kechikkan holda ijro etilayotgani tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, vazirlik tomonidan rivojlangan mamlakatlar xalqaro tajribasini inobatga olgan holda, Forsayt markazlarining asosiy maqsadlari va metodologiyasini ishlab chiqish masalalarining o‘z vaqtida bajarilishiga yetarlicha e'tibor berilmagani qayd etib o‘tildi. Xususan, bu yo‘nalishda tayyorlanishi lozim bo‘lgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning belgilangan muddatdan kechikib tayyorlanayotgani mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari tuzilmasida Forsayt markazlarini tashkil etish ishlarining ham o‘z vaqtida bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgani tanqidiy baholandi.

Bundan tashqari, xalqaro tajriba, mintaqaviy va xalqaro darajada klasterlarni yaratish strategiyasi va dasturlari asosida klasterlarni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiyani ishlab chiqish masalalari ham muddatidan kechikib bajarilayotganiga e'tibor qaratildi. O‘zbekistonda klasterlar va klaster siyosatini yanada takomillashtirish yuzasidan prezident qarorida belgilanishi ko‘zda tutilgan klasterlarni yaratish strategiyasi va dasturlari asosida mazkur tizimni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiyani o‘z muddatida ishlab chiqish mamlakatimizda tashkil qilingan klasterlar rivoji uchun muhim omil ekani ta'kidlab o‘tildi.

Yig‘ilish yakuni bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, baholash mezonlarida belgilangan maqsadli vazifalar ijrosini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi va ularga erishishni ta'minlashga qaratilgan qo‘mita tavsiyalari aks etgan qaror qabul qilindi, deyiladi parlament saytida. 

Top