9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

07:40 / 15.08.2019 55380

Prezident inflatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish vazifasini topshirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sgani qayd etildi. Mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Budjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.

Yig‘ilishda davlat budjetining daromadlari va xarajatlari mutanosib bo‘lishini ta'minlash, mahalliy budjetlarga qo‘shimcha tushumlar rezervlarini topish va safarbar qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

Bank tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish va ularning sifatini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Davlat rahbari narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. 

Dastlabki 6 oyda inflatsiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi. 

Ma'lumki, avgust oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Sanoatning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. 

– Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26 foizdan 30 foizga yetgan bo‘lsa-da, bu biz boshlagan islohotlar ko‘lamiga nisbatan hali yetarli emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Top