17:44 / 15.08.2019
10291

Quyosh tig‘i ostida sotilayotgan salqin ichimliklar va yog‘ mahsulotlari sog‘liq uchun xavflimi?

Yoz kunlarida shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab aylanar ekanmiz, yo‘l yoqalarida o‘rik sharbati, mors, kvas, ayron, yana allaqanday rangi notabiiy sariq tusdagi salqin ichimliklar sotilayotganini ko‘ramiz. Ko‘chma savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinmay, qo‘lbola usulda tayyorlanib, sifat nazoratisiz sotilayotgan bunday ichimliklarni iste'mol qilish inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi tabiiy. Xususan, ular sotiladigan joylarda ham hech qanday sharoitlar yaratilmagan, ichimliklar quyib beriladigan idishlar tozaligi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi, deb yozmoqda respublika DSENM matbuot xizmati

Issiq kunlarda chanqovbosdi ichimliklarga ehtiyoj ortadi albatta, lekin o‘z sog‘lig‘ini o‘ylagan har bir inson xavfsizligi hamda sifatini kafolatlovchi hujjati bo‘lmagan mahsulotni hech qachon xarid qilmaydi.

Bunday ichimliklarning ertalabdan kechgacha quyosh tig‘i ostida turishi masalaning ikkinchi tomoni. Do‘kon eshiklari tagida ham taxlanib, quyoshda qizib yotgan turli ichimliklar, yog‘ mahsulotlarini ko‘rganda nahotki do‘kon mudirlari, sotuvchilar plastik idishlar qiziganda o‘zidan zaharli moddalar chiqarishni, bu moddalar asab tizimi, yurak qon-tomir tizimi, allergik kasalliklarni, hattoki saratonni keltirib chiqaruvchi omil bo‘lishi mumkinligini bilishmasa degan o‘yga borasan kishi.

Yuqorida keltirilganlardan har bir fuqaro xulosa qilsa, oziq-ovqat mahsulotlarini sharoit yaratilgan va belgilangan savdo nuqtalaridan xarid qilsa, sifati kafolatlanmagan har qanday mahsulot keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlarning oldini olgan bo‘lamiz. 

Top