9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

08:50 / 15.08.2019 18738

Toshkentda avtobus haydovchilari kunlik to‘lov bo‘yicha belgilangan rejani topshirishdan ozod qilinishi kutilyapti

Foto: KUN.UZ

“Toshshahartransxizmat” AJ haydovchilarni kunlik to‘lov bo‘yicha belgilangan rejani topshirishdan ozod qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda aksiyadorlik jamiyat matbuot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov aytib o‘tdi.

“2030 yilgacha transportni rivojlantirish konsepsiyasi ko‘plab masalalarni qamrab olgan. Jumladan, yo‘l haqi uchun elektron to‘lov tizimini joriy qilish mo‘ljallangan, bu bilan haydovchilar kunlik to‘lov bo‘yicha belgilangan rejani topshirishdan ozod qilinadilar. 

Agar ushbu tizim ishga tushirilsa, haydovchilar e'tiborlarini asosan xavfsizlik va harakatning muntazamligiga qaratishadi. Bu harakatlanish muntazamligini ta'minlash, turli yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Ana shunday natijaga erishsak, albatta namunali haydovchilarni rag‘batlantirib boramiz”, - dedi Ravshan Yoqubjonov Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga.

Uning aytishicha, “Toshshahartransxizmat” faoliyatining asosiy maqsadi yo‘lovchilarni belgilangan manzillarga tez, qulay, xavfsiz va maqbul narxlarda yetkazib qo‘yishdir. 

“Biz o‘z ishimizda tijorat maqsadini nazarda tutmaganmiz. Yo‘l haqi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu narx oxirgi marta 2016 yilning aprel oyida o‘zgargan va 1200 so‘m deb belgilangan. Ushbu uch yil ichida kuzatilgan inflatsiya, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlarining narxi oshganligiga qaramay yo‘l haqi deyarli o‘zgarmadi. 

Shuni ham qayd etib o‘tishim kerakki, bu boradagi narxlarni belgilaydigan tashkilotlar mavjud. Moliya vazirligi, transport vazirligi va bir qator tashkilotlar bu masalada hamkorlikda ishlashadi. Bu nafaqat bizga, balki xususiy avtomobillarga ham tegishlidir. Agar narxlar ular tomonidan belgilangan bo‘lsa, biz buni ko‘tarishga yoki tushirishga haqimiz yo‘q”, - deydi u.

Top