09:58 / 16.08.2019
18676
Tramp dunyodagi eng katta orolni sotib olishga qiziqish bildirmoqda – OAV
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Daniyaga tegishli bo‘lgan, dunyodagi eng katta orol – Grenlandiyani sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Oq uydagi manbalariga iqtibos keltirgan holda Wall Street Journal nashri xabar berdi. 

Nashrning yozishicha, Tramp o‘z maslahatchilaridan AQSh Grenlandiyani sotib olishi mumkinligi haqida bir necha marotaba so‘ragan, orolning zaxiralari va geosiyosiy ahamiyati haqidagi muhokamalarni katta qiziqish bilan tinglagan. Muhokama qilinayotgan masalalar orasida AQShning Arktikadagi ishtirokini kengaytirish imkoniyati bor. Ta'kidlanishicha, prezident Oq uyning huquqiy maslahatchisidan loyiha ekspertizasini o‘tkazishni so‘ragan.

Trampning ba'zi maslahatchilari rejani qo‘llab-quvvatlab, uning iqtisodiy tomondan maqsadga muvofiqligini, boshqalari esa gap prezidentning hech qachon amalga oshmaydigan “bir zumlik qiziqishi” haqida ketayotganini aytishgan. Material mualliflarining ta'kidlashicha, Tramp bu g‘oyaga qanchalik jiddiy munosabatdaligi noma'lum. 

May oyida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Grenlandiyaga tashrif buyurishi kerak edi, biroq Eron bilan munosabatlardagi keskinlashuv sababli safar bekor qilingan.

Nashrning ta'kidlashicha, bu Vashingtonning Grenlandiyani sotib olishga birinchi urinishi emas. Ikkinchi jahon urushidan keyin prezident Garri Trumen orol uchun Daniyaga 100 mln dollar taklif qilgan, biroq rad javobini olgan. Shuningdek, orolni sotib olish imkoniyatini uzoq 1867 yilda AQSh davlat departamenti o‘rgangan.

Top