18:29 / 17.08.2019
16608

KXDR yangi qurolni sinovdan o‘tkazdi

Foto: AP

Shimoliy Koreya "yangi turdagi qurol"ni sinovdan o‘tkazdi, jarayonni KXDR yetakchisi Kim Chen In shaxsan kuzatib turdi, deb xabar berdi Koreya markaziy telegraf agentligi.

"Milliy mudofaa manfaatlari uchun ish olib borayotgan olimlar ushbu tizimdagi qurolning qudratiga ishonchni mustahkamlagan a'lo darajadagi natijani qayd etishdi", - deyiladi agentlik xabarida.

Agentlik aynan qanday qurol sinovdan o‘tkazilganiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq Janubiy Koreyaning “Ryonxap” axborot agentligi Shimoliy Koreya harbiylari Yapon dengizi tomon ikkita noma'lum turdagi raketa uchirgani haqida xabar bergandi. 

Janubiy Koreya shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, snaryadlar Shimoliy Koreyaning Tokchxon shahridan uchirilgan. Harbiylar boshqa tafsilotlarni, jumladan, raketalar turi, parvozi davomiyligi va maksimal balandligi haqidagi ma'lumotlarni keltirishmagan.

Oxirgi haftalarda Shimoliy Koreya muntazam ravishda raketa sinovlarini amalga oshirmoqda.

11 avgustda Seulda Shimoliy Koreya ikkita raketa uchirgani ma'lum qilingan. Janubiy koreyalik harbiylarning fikricha, bu raketalar kichik masofadagi ballistik raketalar bo‘lgan.

10 avgustda AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisidan maktub olganini, unda Kim Chen In “raketalarning uchirilishidan o‘zi ham xursand emasligini” aytganini ma'lum qilgan. 

Ushbu maktubda avvalgi sinovlardan keyin ta'kidlanganidek, raketalarning uchirilishi Shimoliy Koreyaning AQSh va Janubiy Koreyaning birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlariga javobi ekanligi aytilgan.

 

Mavzuga oid
Top