17:40 / 18.08.2019
25296
«Buncha chag‘alayni Boltiq dengizida ham ko‘rmaganman»: ekolog chiqindilar sababli Jukovskiy aeroportida samolyot halokatga uchrashi mumkinligini ikki yil avval aytgan
Foto: Ruptly/RIA Novosti

15 avgust kuni “Uralskiye avialinii” aviakompaniyasining Moskvadan Simferopolga uchayotgan A321 samolyoti Jukovskiy aeroportidan havoga ko‘tarilishidan ko‘p o‘tmay dvigatellari ishlamay qolib dalaga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Qushlar samolyot dvigatellariga kirib qolishi oqibatida ushbu hodisa sodir bo‘ldi. Aeroportdan ikki kilometr uzoqlikdagi Glushitsa ko‘li yonida noqonuniy chiqindixona mavjudligi bu hududda qushlarning ko‘payishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Moskva oblasti jamoatchilik palatasining ekologiya bo‘yicha komissiya rahbari Yelena Grishina 2017 yildayoq chiqindixonada chag‘alaylarning ko‘payib ketishi aviahalokat keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Foto: Irina Kravsova / «Meduza»

“Aholi qo‘ng‘iroqlaridan so‘ng 2017 yil boshida chiqindixonaga birinchi marta kelgandim. O‘shanda qor bo‘lgani sababli unchalik vahimali ko‘rinmagandi, ammo bahor kelib qorlar eriganida yana bir marta bu yerda bo‘ldik. Moskva oblastining hech bir yerida bu darajada chiqindi uyulib ketgan joy yo‘q”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chiqindixonada ikkita qo‘rqinchli muammo mavjud.

“Birinchisi – chag‘alaylar. Bunchalik ko‘p chag‘alayni hattoki Boltiq dengizida ham ko‘rmaganman. Gap shundaki, bu yerda ularning maksimal darajada tez ko‘payishi uchun barcha sharoit bor. Ular suvga in qurishgan, chiqindilar uyumidan esa oziq topishadi. Agar hech narsa qilinmasa, ular yanada ko‘payishi tushunarli edi. bu esa parvozlar uchun xavf tug‘diradi, chunki uchish-qo‘nish yo‘lagi chiqindixonadan bir kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ikkinchi muammo – chiqindixona qismlaridan biri yonayotgandi. Chiqindixona yaqinida esa ichida samolyotlarga quyish uchun mo‘ljallangan yonilg‘ilar bo‘lgan ulkan sisternalar bor edi. bu juda xavfli edi.

Shundan kelib chiqib 2017 yilda chiqindixonani tozalashga kirishildi. Menga hamma vaziyat yaxshilanganini aytib xursand bo‘la boshladi. Ammo shu yil bahorida u yerda yana bo‘ldim. Vaziyat ancha yaxshilangan deya olmayman. Yer ustidagi chiqindilarni tozalashgan, ammo karer ichidagilar o‘shandayligicha qolgan. Chag‘alaylar ham o‘sha yerda yashayapti. Bunday qulay joyni tashlab qayerga ham uchib ketishardi?

Foto: Yelena Grishina

Bu noxush oqibatga olib kelishi ayon edi. Kecha A321 bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin men yig‘lab yubordim va uchuvchilarimiz bilan faxrlandim. Vaziyatni shu darajagacha olib kelish shartmidi.

Hozir chiqindixona masalasini bartaraf qilishlaridan umidvorman. Bunday hol yana takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Uni yo‘q qilish uchun katta mablag‘ talab qilinadi. Gap o‘n millionlab rubl haqida bormoqda, ammo insonlar hayoti bundan ko‘ra muhim”, deydi Grishina.

Eslatib o‘tamiz, qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgan samolyotda 226 yo‘lovchi va ekipajning 7 a'zosi bo‘lgan. Layner o‘chirilgan dvigatellar va ko‘tarilgan shassilar bilan qo‘nishni amalga oshirgan. Ekipaj yo‘lovchilarni qutqaruv trapi orqali evakuatsiya qilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 76 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Top