10:02 / 19.08.2019
9445

Olmazordagi sex omborxonasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: FVV YoXBB matbuot xizmati

2019 yilning 18 avgust kuni soat 16:48da Toshkent shahar Olmazor tumani Shiroq ko‘chasi 104-uyda joylashgan “Teleatlas” xususiy korxonasiga qarashli qog‘oz mahsulotlarini qayta ishlash sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma'lumotida aytilishicha, xabar asosida yong‘in joyiga zudlikda 5ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalar jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar soat 16:55da yetib borgan, yong‘in soat 17:02da o‘rab olinib, 19:25da bartaraf etilgan. 

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan sexning 800 kv. metr maydoni saqlab qolingan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sex omborxonasida qog‘oz chiqindilari 90 kv. metr maydonda yongan. 

Yong‘inning taxminiy sababi - ochiq olovdan foydalanishda ehtiyotsizlik. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Top