17:54 / 19.08.2019
101071

Ramzon Qodirov Checheniston Rossiya tarkibiga kirishi uchun otasi qanday shart qo‘yganini aytdi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmat-Hoji Qodirov umummilliy referendum o‘tkazmasdan turib respublikaning Rossiyaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjatni imzolashni rad etgan. Bu haqda uning o‘g‘li va respublikaning hozirgi rahbari Ramzon Qodirov On TV YouTube-kanaliga bergan intervyusida aytdi.

Ramzon Qodirovning aytishicha, Ahmat-Hoji Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvida "Yo‘q, men buni o‘z xalqimdan so‘rashim kerak. Referendum o‘tkazamiz, xalqim bu qog‘oz uchun ovoz bersa, biz Rossiyaning bir bo‘lagimiz, Rossiya tarkibida yashashni istaymiz, deyishsa, shundagina bu qog‘ozni imzolayman" degan.

Chechenistonning Rossiya tarkibida rivojlanishini mustahkamlaydigan konstitutsiya qabul qilingan birinchi umumxalq referendumi 2003 yil 23 martda o‘tkazilgan. Ovoz berishda 510 mingdan ortiq kishi qatnashgan, respublikaning asosiy qonuni qabul qilinishini yoqlab 95,48% saylovchi ovoz bergan.  

Ahmat-Hoji Qodirov 2003 yil oktyabrda Checheniston prezidenti lavozimini bajarishga kirishgan. 2004 yil 9 mayda Grozniydagi "Dinamo" stadionida sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lgan. Unga o‘limidan so‘ng Rossiya Qahramoni unvoni berilgan.

Top