20:19 / 19.08.2019
33459
Shveytsariyaning qiruvchi samolyotlari Putin delegatsiyasi samolyotiga yaqinlashdi

Jyeneva shahri osmonida Fransiyaga yo‘l olayotgan Rossiya delegatsiyasining samolyotini Shveytsariyaning ikkita harbiy samolyoti bir necha daqiqa davomida kuzatib bordi. 

Hukumat delegatsiyasi va muxbirlar bo‘lgan samolyot Rossiya va Fransiya prezidentlari Vladimir Putin va  Emmanyuel Makron uchrashuvini yoritish uchun Fransiyaga yo‘l olayotgan bo‘lgan. 

Samolyotda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov va yordamchisi Yuriy Ushakov ham bo‘lgan. Peskovning ta'kidlashicha. bunday holatlar avval ham yuz bergan. “Bunday hodisalar avval ham bo‘lgan. Bu yomon emas. Biz norozilik notasini jo‘natganmiz va shveysariyaliklar buni mehmondo‘stlik ishorasi bilan tushuntirishgan”, deb aytgan Putinning matbuot kotibi. 

Ta'kidlanishicha, shunday voqea 2016 yil noyabrda Putinning samolyoti Peruga yo‘l olayotganda yuz bergan. O‘shanda Il-96-300 samolyotiga Shveytsariyaning bir nechta qiruvchi samolyoti yaqinlashgan.

Shveytsariya mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘shanda bu voqeani odatiy tekshiruv bilan tushuntirgan. U buni politsiya patruli tomonidan mashinaning “o‘g‘irlanmaganiga ishonch hosil qilish uchun” tekshirilishiga qiyoslagan. 

Ta'kidlanishicha, bunday parvozlar muntazam amalga oshiriladi va samolyotning kelib chiqishiga bog‘liq emas. Bunday amaliyot vaqtida samolyot qayd qilingan-qilinmagani tekshiriladi.  

Shveytsariya tomonining ma'lum qilishicha, joriy holatda Rossiya delegatsiyasi samolyotini F/A-18 qiruvchi samolyotlari kuzatib borgan.

Top