16:50 / 20.08.2019
29507
Mamarizo Nurmuratov: «Markaziy bank O‘zbekiston oltinining yagona sotib oluvchisidir»
Foto: Andrey Rudakov/Bloomberg

Markaziy bank O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oltinning yagona sotib oluvchisi hisoblanadi. Oltinni sotib olish orqali bank iqtisodiyotga qo‘shimcha pul chiqaradi. Sotib olingan oltin miqdoridagi valutani yana iqtisodiyotga sotish orqali bozordagi muvozanatni ta'minlash funksiyasi bajariladi.  Bu haqida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov valuta siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha,  2018 yilda O‘zbekistonda 3,6 mlrd dollar qiymatida oltin ishlab chiqarilgan. Markaziy bank ichki bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 3,2 mlrd dollar miqdoridagi intervensiyalar bilan valuta bozorida qatnashgan.

Nurmuratovning qayd etishicha, Markaziy bank valuta bozorida kursining o‘zgarishiga ta'sir ko‘rsatmagan holda ishtirok etishga harakat qilmoqda. “Valuta kursini bozor belgilab berishi kerak. Kurs shakllanishida Markaziy bank faol qatnashadigan bo‘lsa, bozorda muvozanatning buzilishiga sabab bo‘ladi, bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Markaziy bank valuta qiymatining tabiiy shakllanishiga ta'sir ko‘rsatmaydi”, ─ deydi rais. 

Valuta kursining o‘zgarishi haqida gapirar ekan, Markaziy bank raisi dollar kursi bilan bog‘liq o‘zgarishlar butun dunyoda kuzatilayotganini ta'kidladi. Unga ko‘ra, so‘nggi olti oyda dollar kursining tebranishiga xalqaro savdo aloqalaridagi kelishmovchiliklar va yirik davlatlardagi ichki proteksionizm sabab bo‘lmoqda.

“AQSh ayrim yirik davlatlarga xalqaro savdo jarayonida cheklovlar qo‘yishi sababli ko‘pgina davlatlarning moliyaviy bozorida salbiy holatlar kuzatilmoqda. So‘nggi ikki yil davomida dollarga nisbatan yevro 6,9 foizga, funt-sterling 7,1 foizga, yuan 7,6 foizga qadrsizlandi. Bu davr ichida dollarning indeksi 6,6 foizga o‘sdi, ya'ni boshqa valutalarga nisbatan qadri oshdi.  Buning ta'sirida global iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi kuzatilmoqda. Xususan, iqtisodiy o‘sish joriy yilda Xitoyda 6,2 foiz,  Germaniyada 0,7 foiz,  Yevropa Ittifoqi davlatlarida 1,3 foiz, Rossiyada 1.2 foizga pasayishi kutilmoqda”, ─ deydi Mamarizo Nurmurotov.

Top