10:58 / 20.08.2019
11806

Novosibirskdagi YTHda yetti nafar o‘zbekistonlik jarohat oldi

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 18 avgust kuni Novosibirsk oblastida K-17p trassasining 374-kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. 

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, unda bir kishi vafot etdi, haydovchi va mikroavtobusning 8 nafar yo‘lovchisi, jumladan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohat oldi.

Barcha jarohatlanganlar Novosibirsk oblasti Karasuk shahar markaziy tuman kasalxonasiga joylashtirildi.

Ushbu holat yuzasidan tergovgacha bo‘lgan tadbirlar olib borilmoqda.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni o‘z nazoratiga oldi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot muassasalari bilan aloqa o‘rnatdi.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatishicha, Rossiyaning Sibir federal okrugi (Oltoy Respublikasi, Oltoy o‘lkasi, Buryatiya Respublikasi, Irkutsk oblasti, Baykal orti o‘lkasi, Kemerovo oblasti, Krasnoyarsk o‘lkasi, Novosibirsk oblasti, Novosibirsk shahri, Omsk oblasti, Tomsk oblasti, Tuva Respublikasi, Xakasiya Respublikasi) hududida fuqarolar zarur holatlarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-383-246-04-85, +7-383-246-04-84, +7-383-246-04-63, +7-383-246-04-64.

Mavzuga oid
Top