21:09 / 20.08.2019
4432

O‘zbekistonda ilk bor ITWomenUz oyligi o‘tkazilmoqda

19 avgust kuni O‘zbekistonda xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilishga qaratilgan ilk yirik miqyosdagi tadbir ─ ITWomenUz innovatsion oyligi start oldi.

Oylik Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulug'bek Innovation Center” innovatsiya markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Mazkur oylik davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning uchinchisi ─ “Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish” hamda beshinchisi ─ “Xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash” tashabbuslarini amaliyotga tatbiq qilishni ko‘zda tutadi.

19 avgustdan 19 sentyabrga qadar davom etadigan ITWomenUz oyligi doirasida 160 nafar xotin-qizlar bir hafta mobaynida o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishadi. Tinglovchilar olgan nazariy bilimlarini qolgan uch hafta davomida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda amaliy ravishda qo‘llab, tajriba orttirishadi. Ishtirokchilarga  IT sohasidagi malakali mutaxassislar tomonidan kompyuter grafikasi va dizayn, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, mobil ilovalar tayyorlash, veb-sayt yaratish bo‘yicha bilimlar beriladi.

ITWomenUz oyligini bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ochib berdi.

Ilgari ayollarning bandligini ta'minlash faqatgina qishloq xo‘jaligi, zavod va fabrikalar, maktabda dars berish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilib, uyda o‘tirib ham ishlay olishlari uchun imkoniyat yaratilmoqda. Bu borada xotin-qizlar qo‘mitasi ularga tirgak bo‘lishga tayyor. Tibbiyot sohasi vakili sifatida aytishim mumkinki, tug‘ilajak farzandning intellektual salohiyati 85 foiz onaga bog‘liq bo‘ladi. Demak, biz xotin-qizlarning intellektual darajasini oshirishga e'tibor qaratishimiz kerak,─ deydi Bositxonova.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Olimjon Umarov:

IT sohasiga ayollarni jalb qilish tendensiyasi butun dunyoda hukm surmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 28 ming 323 nafar dasturchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 8 ming 383 nafarini (29,5 foiz) xotin-qizlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish bizning vazifamiz. Axborot texnologiyalari hozirgi kunda eng jozibali va kelajagi porloq yo‘nalish hisoblanadi. Shu bois ayollarning ijtimoiy faolligi haqida gapirar ekanmiz, ularni IT sohasiga jalb qilish muhim ahamiyatga ega.

“Mirzo Ulug'bek Innovation Center” innovatsiya markazi direktori Timur Azamatov:

 ─  Bizda ayol kishi uyda o‘tirishi kerak, xo‘jalikka qarashi kerak, degan stereotip shakllangan. Ammo har qanday davlatning rivojlanishi ko‘p jihatdan shu davlat ayollariga e'tiborga bog‘liq. AQShda IT sohasi bitiruvchilarining 18 foizini ayollar tashkil etadi. Daniyada bu ko‘rsatkich 9 foiz, Germaniyada 7 foiz, Isroilda 34,4 foiz. Biz kabi musulmonlar yashaydigan Malayziyada esa IT vakillarining teng yarmini ayollar tashkil etadi. Shuningdek, ctatistikaga ko‘ra, ayollar tomonidan yozilgan dasturlash kodlari ishonchliroq va ularga talab yuqori hisoblanadi. IT sohasida ishlash uchun kerak bo‘lgan ko‘pfunsiyalilik, yaxshi xotira va stressga chidamlilik xususiyatlari ayollarda erkaklarga qaraganda yuqoriroq, demak, ular bu sohada yuqori muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin.

Innovatsion oylik yakunida nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda yaxshi natijalarni ko‘rsatgan ishtirokchilarga sertifikat taqdim etiladi. “Eng yaxshi mobil ilova”, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturchi”, “Eng yaxshi dizayner” nominatsiyalari bo‘yicha ishtirokchilar saralanib, taqdirlanishadi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga kredit mablag‘larini ajratishda yordam berilishi rejalashtirilgan.

ITWomenUz oyligining ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulug'bek Innovation Center” innovatsiya markazi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Top