20:51 / 21.08.2019
7742

Germaniya tashqi ishlar vazirining samolyoti beshinchi marta buzilib qoldi  

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Moskvaga uchishi kerak bo‘lgan hukumat samolyoti Airbus A340 buzilib qoldi. Ta'kidlanishicha, Maas rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvga A310 rusumidagi zaxira samolyotida yo‘l olgan.

Ma'lum qilinishicha, laynerning gidravlikasida muammolar aniqlangan. Vazir ushlanib qolishdan qochish uchun delegatsiyasi bilan birga harbiylarni tashish uchun qo‘llanuvchi samolyotda uchib ketgan.  

Germaniya hukumati samolyotlari bilan texnik nosozliklar oxirgi vaqtda tez-tez yuz berib turibdi. Maasning o‘zi oxirgi yarim yil ichida 5 marta samolyotini almashtirishiga to‘g‘ri kelgan. Oxirgi bunday voqea bor-yo‘g‘i bir hafta yuz bergandi: Maasning Nyu-Yorkka parvozi vaqtida birdaniga ikkita laynerda nosozlik aniqlangan: dastlab Berlinda, keyinroq esa Reykyavikda yonilg‘i quyish vaqtida. Natijada Germaniya tashqi ishlar vazirining safari bekor qilingandi. 

Maas, shuningdek, may oyida samolyoti nosozligi sababli Bolgariyaga o‘z vaqtida uchib keta olmagan. 1 aprelda esa u xuddi shunday sabab bilan BMTdagi uchrashuvga kech qolgan. 

Fevralda esa Maas Mali poytaxti Bamakodan hukumat samolyoti nosozligi sababli uchib keta olmagan. O‘shanda u boshqa samolyotda olib ketilgan.

Germaniya hukumati samolyotlari bilan eng shov-shuvli voqea esa 2018 yil 29 noyabrda yuz bergandi. O‘shanda Germaniya kansleri Angela Merkelning Argentinaga parvozi vaqtida samolyot yerdagi xizmatlar bilan aloqani yo‘qotgan va aeroportga qaytishga majbur bo‘lgan. Natijada kansler Janubiy Amerikaga oddiy reys bilan uchishiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid
Top