07:45 / 21.08.2019
8812
Markaziy bank: Iyulda valutaga bo‘lgan talab 34 foizga oshib, 1,36 mlrd dollarni tashkil etdi
Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Joriy yilning iyul oyida valutaga bo‘lgan talab yilning birinchi yarim yilligidagi o‘rtacha oylik hajmi bilan taqqoslaganda 34 foizga oshib, 1,36 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank axborotida aytiladi.

“Umuman olganda, import o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi ichki va tashqi omillarning birgalikdagi ta'siri ichki valuta bozoridagi holat va almashuv kursi dinamikasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Xususan, joriy yilning iyul oyida valutaga bo‘lgan talab yilning birinchi yarim yilligidagi o‘rtacha oylik hajmi bilan taqqoslaganda 34 foizga oshib, 1,36 mlrd. doll.ni tashkil etdi”, - deyiladi ma'lumotda.

Talabning ortishiga ta'sir etuvchi omillardan yana biri sifatida, 2019 yil 1 oktyabrdan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi keltirilgan.

“Bojxona imtiyozlariga ega bo‘lgan sub'yektlarning import qilinadigan xom-ashyo va mahsulotlarni imtiyozlardan foydalangan holda zaxiralab qo‘yish istagining kuchayishi kuzatilmoqda. Natijada, joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa avgust oyida so‘m kursi tez sur'atlarda qadrsizlana boshladi. Xususan, joriy yil avgust oyining dastlabki 19 kunida AQSh dollarining birja kursi so‘mga nisbatan 4,8 foizga (1 AQSh dollari 8 714 so‘mdan 9 129 so‘mga) oshdi”, - deyiladi axborotda.

Bildirilishicha, almashuv kursi o‘zgarishining eng og‘riqli jihati bu uning ichki narxlarga ta'siri. 

“Kurs o‘zgarishining albatta narxlarga ta'siri bor. U nafaqat iste'mol savatidagi import tovarlari orqali, balki inflyatsion kutilmalarni o‘zgarishi orqali ham inflatsiyaga ta'sir ko‘rsatadi. Iqtisodiyotning ayrim sohalarida import xom-ashyo va asbob-uskunalarga qilingan xarajatlar ulushining yuqoriligi inflatsiyani ma'lum darajada ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ichki narxlar barqarorligini ta'minlash Markaziy bankning asosiy vazifasi buni yaxshi anglab turibmiz”, - deya ma'lum qilgan MB.

Bu borada Markaziy bankda ko‘p munozaralar bo‘lgan, chet el tajribalari o‘rganib chiqilgan. Inflatsiyani pasaytirish uchun kursni o‘zgartirmasdan ushlab turish kelajakda bugungidanda og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin ekani bildirilgan.

“Haqli savol tug‘iladi, kurs oshayotgan bo‘lsa, ma'lum bir iste'mol tovarlari import qilinsa, qanday qilib inflatsiyani pasaytirish yoki oshishdan to‘xtatish imkoni mavjud? Buning eng to‘g‘ri yo‘li iqtisodiyotda raqobat va investitsion erkinlikni oshirish. Boshqacha qilib aytganda, bosqichma-bosqich ham tashqi savdoda, ham ichki bozorda monopoliyadan, korrupsiyadan qutulsak, investitsion jozibadorlikni oshirsak, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilmasdan qo‘llab-quvvatlasak, ichki bozordagi vujudga keladigan sog‘lom raqobat iqtisodiyotning inflatsiya xurujidan chiqib ketishiga zamin bo‘ladi. Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflatsiyani jilovlashning barcha choralarini ko‘rmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Xususan, bunda:

- kreditlarning o‘sish sur'atlarini iqtisodiyot o‘sish sur'atiga mos ravishda bo‘lishini;
- davlat budjetini muvozanatliligini ta'minlash;
- foiz stavkalarining bozor tamoyillariga mos bo‘lishini ta'minlash orqali iqtisodiyotda jamg‘arish kayfiyati va jamg‘armalar qadrini saqlab qolish;
- iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini pasaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Top