20:10 / 22.08.2019
16266

«MEDIA.UZ» futbol haftaligi qur'asi: Kun.uz va Daryo.uz bir guruhda

23-29 avgust kunlari o‘tkaziladigan «MEDIA.UZ» futbol haftaligida onlayn nashrlardan ikki OAV – Kun.uz va Daryo.uz saytlari ishtirok etadi. Bugun bo‘lib o‘tgan qur'a natijasida bu internet-nashrlar bir guruhda kurash olib boradigan bo‘ldi.

«D» guruhidan, shuningdek, MTRK va Yoshlar ittifoqi media markazi jamoalari ham joy olishdi.

O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab, AOKA va O‘FA tomonidan tashkil etilayotgan futbol haftaligida jami 24ta jamoa qatnashadi.

Qur'a

Bugun, 22 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida turnirga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda agentlik va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari, OAV va nashriyot-matbaa korxonalari xodimlari, jurnalist va blogerlar qatnashdi.

Qur'a orqali jamoalarni guruhlarga bo‘lishda bevosita AOKA va O‘FA rahbariyati vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish kerak, musobaqada tashkilotchilar – O‘FA va AOKA jamoalari ham qatnashadi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov turnirda o‘zi ham ishtirok etishini, o‘yinlarni professional hakamlar boshqarib borishini ta'kidladi.

Format va taqvim

Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rin egalari, shuningdek, oltita guruhda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega to‘rtta ikkinchi o‘rin sohibi nimchorak finalga chiqadi.

O‘yinlar Yakkasaroy tumani jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga qarashli sobiq «Tekstilchilar» stadionida – tabiiy chimli maydonda o‘tkaziladi.

Guruh bosqichi o‘yinlari 23-24 avgustda bo‘lib o‘tadi, nimchorak final 25 avgustga belgilangan. 27-28-sanalarda chorak va yarim finallar, 29 avgustda uchinchi o‘rin uchun bahs va final o‘yini bo‘lib o‘tadi.

Sovrin jamg‘armasi

Turnir g‘olibi 36 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari mos ravishda 24 mln va 12 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritadi.

Turnir yakuniga ko‘ra «Eng yaxshi darvozabon», «Eng yaxshi hujumchi» va «Musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi» nominatsiyalarida ham g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

G‘oliblar taqdirlash xarajatlarini tashkiliy qo‘mita va O‘FA o‘z zimmasiga olgan.

O‘yin qoidalari

Uchrashuvlar mini-futbol qoidalari asosida, 20m x 40m o‘lchamdagi futbol maydonida (standart maydonning to‘rtdan biri) bo‘lib o‘tadi. Jamoalarda 6 nafardan futbolchi harakat qiladi.

Guruh bosqichi o‘yinlarida har biri 15 daqiqadan iborat ikkita taym, pley-off bahslari 20 daqiqadan ikkita taym davom etadi. Pley-offda faqat bittadan o‘yin – javob uchrashuvlari bo‘lmaydi.

Jamoalar tarkibiga faqatgina ushbu tashkilotga ishga qabul qilinganiga 3 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan xodimlar jalb etilishi mumkin.

Shuningdek, so‘nggi uch yilda Superliga, Pro-liga va ikkinchi ligada zayavkadan o‘tgan, mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining oliy va birinchi divizionlarida o‘ynagan futbolchilar turnirga qo‘yilmaydi.

Top