19:00 / 22.08.2019
5420

O‘zbekiston standartlashtirish tizimi import va eksportda qanday rol o‘ynaydi?

«O‘zstandart» agentligi mutasaddilarining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, 2023 yilgacha milliy standartlarning 80 foizini jahon talablariga moslashtirish maqsad qilingan. Biroq bu vazifani 2021-2022 yillargacha yakunlashning ham imkoni bo‘lishi mumkin. 

«So‘nggi 2 yil ichida standartlarimiz 3,5 mingtaga yetkazildi. Bundan tashqari, oldimizda yana 10 mingta standartni ishlab chiqish vazifasi turibdi. Bu jarayonni amalga oshirish uchun «Standartlar» instituti ham o‘z faoliyatini boshladi», deya raqamlar bilan bog‘liq dalillarni keltirib o‘tdi «O‘zstandart» agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov.  

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro talablarga javob berish oson emas. Masalan, Yevropa iqtisodiy komissiyasining mahsulotlar bo‘yicha maxsus talablari bor. Hozir «O‘zstandart» agentligi milliy standartlar shu komissiya tomonidan tasdiqlanishiga erishish uchun harakat qilmoqda.

Agar buning uddasidan chiqilsa, O‘zbekiston tabiiy iqlim sharoitida yetishtirilgan mahsulotlarning xalqaro bozorga chiqishi osonlashadi. Chunki ayni paytda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, masalan, qovun hajmi katta-kichikligi jihatdan talabga javob bermagani tufayli eksporti kamayishi ham qayd etib turiladi. Milliy standartlar tasdiqlanishi bilan eksport ham oshadi.

Chet elliklar O‘zbekiston standartini ham o‘rganadi

O‘zbekiston jahon bozoriga mahsulot eksport qilish uchun xalqaro talablarni o‘rganganidek, chet ellik ishlab chiqaruvchilar ham o‘zbek bozoriga kirish xohishini bildirsa, millliy standartlarimizni o‘rganadi.

«Yuqorida qovun misolida ko‘rganimizdek, biz shakl, hajm, maza jihatdan ma'lum talablarni ishlab chiqsak, bu bizning o‘z bozorimiz uchun ham yagona standart bo‘ladi», deya ma'lumot berib o‘tdi «O‘zstandart» agentligi bosh direktori.

«Sinov va sertifikat» markazi direktori Aqlbek Mustafoyevning aytishicha, avgust oyining o‘zida mamlakatimiz bozoriga kirish uchun 10dan ortiq xorijiy davlat korxonalari murojaat qilishgan. Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Irlandiya kabi davlatlarning tadbirkorlariga mamlakatimizda turli mahsulotlar bo‘yicha qo‘yilgan standart talablari bo‘yicha ma'lumot berilgan.

Import qilingan trikotaj mahsulotlari sertifikatlashtirilmasdan bozorga kirib keladi

«O‘zstandart» agentligi mas'ullari bozorda sifat jihatdan qoniqarsiz mahsulotlarning nazoratini amalga oshirish haqidagi tushunmovchiliklarga ham munosabat bildirib o‘tdi.  

«Importdan kirib kelayotgan trikotaj mahsulotlari majburiy sertifikatlashtirilmasdan bozorga erkin kirib keladi. Ya'ni, laboratoriyalar ularning nazoratini amalga oshirmaydi.

Biz bu holat bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib chiqqan holda hukumatga taklif kiritganmiz. Unga ko‘ra, import qilinadigan trikotaj mahsulotlari ham kerakli laborator-tekshiruvlardan o‘tkazilishi kerak. Ayni paytda esa faqat bolalar kiyim-kechagi maxsus sertifikatlashtirishdan o‘tkaziladi xolos», deya kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi Dilshod Sattorov.

Standartlashtirish faqat «O‘zstandart»ning vazifasi emas

Anjuman davomida jurnalistlarning turli sohalar standartlari bo‘yicha bergan savollariga mutasaddilar javob bera turib standartlashtirish masalasi bilan faqat «O‘zstandart» agentligi shug‘ullanmasligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Bu borada O‘zbekistonda 4ta vakolatli organ bor:

  • Qurilish sohasida – Qurilish vazirligi;
  • Xavfsizlik ishlari bo‘yicha – Mudofaa vazirligi;
  • Salomatlikka ta'sir bo‘yicha – Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  • Xalq iste'mollari sohasida - «O‘zstandart» agentligi.

Yuqoridagi tashkilotlar hamkorlikda mahsulotlarning sifati va xavfsizligini nazorat qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda. 

Top