15:00 / 23.08.2019
24929
Bosh prokuror o‘rinbosari: «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina Transparency International’ning fikri bilan o‘lchanmaydi»

O‘zbekiston hukumati Senatning 21-yalpi majlisida Oliy Majlisga hisobot berdi. Hisobotni qabul qilgan senatorlar Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevga mamlakatning korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni masalasi yuzasidan savol bilan yuzlandi.

Savolga javob bergan Erkin Yo‘ldoshev, 2018 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston «Transparency International» xalqaro tashkilotining korrupsiya bo‘yicha reytingida 158-o‘rinni egallaganini tan olgani holda, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina bu tashkilotning fikri bilan chegaralanib qolmasligini qayd etib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari o‘z so‘ziga dalil sifatida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkilotining e'tirofini keltirgan. Yo‘ldoshevga ko‘ra, bu xalqaro tashkilot shu yil boshida O‘zbekistonda maxsus monitoring o‘tkazgan va mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha «jiddiy siljish» kuzatilgan, deb xulosa bergan.

«Transparency International degan xalqaro nodavlat tashkilot bor. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘sha tashkilotning indeksi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi 158-o‘rinni egallagani to‘g‘ri. Bu reytingning ham xalqaro maydondagi imijimizga ta'siri borligi – fakt.

So‘nggi ikki yilda islohotlarni butun dunyo ko‘rib turibdi, quvvatlayapti. Bu islohotlarning samarasi istasak-istamasak korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq holda o‘lchanadi.

Shuning uchun ham, davlatimiz rahbari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasida ularga xalaqit qilishi mumkin bo‘lgan korrupsion omillarni bartaraf qilinglar, tomiri bilan yo‘qotinglar, degan vazifani qo‘yganlar. Prezidentimiz imzolagan «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonuni, Korrupsiyaga qarshi kurash dasturi, hukumatimizning Istanbul harakatlar rejasi bilan bog‘liq ishlab chiqqan yo‘l xaritalaridan maqsad ham shu.

Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina Transparency International’ning fikri bilan chegaralanib qolmaydi. Boshqa reytinglar ham ko‘p. Eng asosiysi, bizni qiziqtirayotgani, biz uchun muhim bo‘lgani – korrupsiyaga murosasiz muhit shakllandimi, shakllanyaptimi, ijobiy o‘zgarish bo‘lyaptimi, degan savolga javob topish.

Korrupsiya bilan professional shug‘ullanuvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkiloti bor. Shu tashkilot shu yil boshida O‘zbekistonga kelib, maxsus monitoring o‘tkazdi va o‘zining hisobotida: «O‘zbekistonda korrupsion faktorlarni bartaraf qilishda jiddiy siljish bor», degan e'tirofni aytdi.

Bu e'tirofni shu tashkilotning rahbari Parijda bo‘lgan 24-kengaytirilgan yig‘ilishda ham alohida ta'kidladiki, O‘zbekistonda ruscha aytganda jiddiy «proryv», jiddiy siljish bo‘lyapti, deb bizning mamlakatimizni qatnashayotgan davlatlar ichida alohida ta'kidlab qo‘ydi.

Ular o‘tgan yili 21ta mana shunday reytingga tushadigan tavsiyalar bergan bo‘lsa, bu tavsiyalarning barchasi bajarilgani qayd etildi. Shu bilan birgalikda, yana 47ta yangi tavsiya berildi – ular bajarilyapti.

Xalqaro baholar, reytinglar muhim, lekin eng asosiysi – prezidentimizning so‘nggi farmonlari bilan, korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunda chinakamiga davlatning siyosati darajasiga ko‘tarilib turibdi», – deb ta'kidladi Yo‘ldoshev.

Top