07:56 / 23.08.2019
6695

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kompleks dasturi ma'qullandi

Foto: Wind Energy Basics

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kompleks dasturi ma'qullandi:

a) quyidagilarni:

qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishning maqsadli parametrlarini tasdiqlash, ularning ulushini 2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;

b) mintaqalarda ijtimoiy soha obektlarini (ta'lim muassasalari, shu jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalari, sog‘liqni saqlash obektlarini) energiya resurslari bilan uzluksiz ta'minlash, shuningdek:

issiq suv va elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitkichlarini (markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimlariga ulangan obektlar bundan mustasno), shuningdek, energiya samarador, shu jumladan, bivalent isitish tizimlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish, xususan, zamonaviy issiqlik nasoslari va rekuperatorlarini joriy etish;

binolarning issiqlik himoya tizimini yaxshilash, ikki kamerali va energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar, shuningdek, havo rekuperatorlari va boshqa tizimlarni o‘rnatish hisobiga Nukus shahrida, viloyat markazlarida va viloyatlarning shaharlarida energiya iste'molini kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

v) xususiy xonadonlarda quyosh fotoelektrik stansiyalari (o‘rtacha 2 kVt) va quyosh suv isitkichlarini (o‘rtacha 200 litr) o‘rnatish;

g) maishiy iste'molchilarning, shuningdek, yuridik shaxslarning nostandart gaz-gorelkali qurilmalarini zamonaviy va energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarga almashtirish;

d) Quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalari bilan jihozlash tavsiya etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining ma'muriy binolari va infratuzilma obektlari ro‘yxatini 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash.

O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli mablag‘lari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit resurslari, xorijiy donorlarning texnik ko‘magi mablag‘lari (grantlari) Kompleks dasturning chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kompleks dasturni amalga oshirishga kredit resurslarini va texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlarni) jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va xorijiy donorlar bilan muzokaralar olib boradi.

Top