19:45 / 24.08.2019
12559

Muddatidan oldin harbiy unvon va qimmatbaho sovg‘alar: «ArMI – 2019» g‘oliblari munosib taqdirlandi

Bugun, 24 avgust kuni Toshkentdagi Yoshlar markazida «ArMI – 2019» Xalqaro armiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Unda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, harbiy okruglar qo‘mondonlari, davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda O‘zbekiston nufuzini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Men barchangiz bilan faxrlanaman, sizlar bilan butun O‘zbekiston faxrlanadi. Nufuzli xalqaro armiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yanada balandlarga ko‘tarib, bizda o‘zgacha iftixor va g‘urur hissini uyg‘otdinglar. Siz kabi jasur va mard o‘g‘lonlarimiz bor ekan, armiyamiz doim birinchi bo‘lib qoladi», dedi tadbir davomida so‘zga chiqqan Mudofaa vaziri.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Yoshlar markazida»da o‘tkazilgan tadbirda mudofaa vaziri bir guruh harbiy xizmatchilarni muddatidan oldin harbiy unvon va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3-17 avgust kunlari 10ta davlat hududida «ArMI – 2019» xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida 39ta davlatdan 32ta nominatsiyada 222ta jamoa bellashdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligidan 14ta jamoa ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Tank biatloni» va «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovida qatnashgan jamoamiz sovrinli I o‘rinni, «Sodiq do‘st», «Rembat», «Elbrus halqasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a'lochilari» – II o‘rinni hamda «Xavfsiz marshrut», «Musaffo osmon», «Yo‘l patruli», «Dala oshxonasi», «Artilleriya olovi ustasi» – III o‘rinni egalladi.

2019 yilda jamoalarimiz 14ta nominatsiyadan 11tasida (80 foiz) sovrinli o‘rinlarni egallagani, o‘tgan yilgi natijalarning soniga nisbatan qariyb 2 barobarga ortganini ko‘rsatmoqda.

«ArMI – 2019» xalqaro armiya o‘yinlari bu yilgi natijalariga ko‘ra barcha ishtirok etgan davlatlar o‘rtasida O‘zbekiston 5 – pog‘onani egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi jamoalari tarkibida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar «ArMI – 2019» xalqaro armiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, 10dan ortiq yo‘nalishlarda rekord natijalarni qayd etdi.

Top