09:37 / 24.08.2019
65502
Transport vazirligi «Toshkent-Urganch» avtobusidagi holat bo‘yicha izoh berdi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent” avtovokzalidan harakatlanishni boshlagan “Toshkent-Urganch” yo‘nalishidagi “Uzautotrans Service” MChJga tegishli avtobusda olingan suratlar paydo bo‘ldi. 

Ushbu suratlarda avtobus haydovchisi barcha o‘rindiqlarga chipta sotilgan va yo‘lovchilar bilan to‘la bo‘lishiga qaramasdan, korxona ichki tartib qoidalarini va tashuvlar bo‘yicha xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘l-yo‘lakay avtobus saloniga qo‘shimcha yo‘lovchilarni olgan. Chiptasiz yo‘lovchilar esa avtobusning o‘rindiqlar oralig‘idagi yo‘lakka o‘tirib olgani aks ettirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, boshqa yo‘lovchilarga noqulayliklar keltirib chiqarib, ularning haqli e'tiroziga sabab bo‘lgan. Avtobus salonida bo‘lgan yo‘lovchilardan biri mazkur vaziyat yuzasidan “Toshkent” avtovokzalining ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ariza qoldirgan, deyiladi Transport vazirligi axborot xizmati xabarida.

Mazkur holat yuzasidan kelib tushgan arizani zudlik bilan “Uzautotras Service” MChJ rahbariyati bilan muhokama qilib, tashuvlar bo‘yicha xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchi va mutasaddi xodimlarga tegishli choralar ko‘rish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deya ma'lum qilgan vazirlik.

Transport vazirligi bu kabi qoidabuzarliklarni vaqtida bartaraf etishga qo‘shgan hissasi uchun yo‘lovchilarga minnatdorchilik bildirgan.

“Transport vazirligi hurmatli yo‘lovchilardan o‘z safarlari davomida avtobus haydovchilarining bu kabi xatti-harakatlariga guvoh bo‘lgan taqdirda vazirlikning (71) 202 22 55 yoki 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat etishlarini so‘rab qoladi. Shuningdek, “Toshkent” avtovokzalining (71) 207 87 00 hamda “Uzautotrans Service” MChJning (71) 207 87 02 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ariza qoldirishingiz mumkin”, - deyiladi axborotda.

Top