17:03 / 24.08.2019
74078
Yangi tafsilotlar: Andijondagi tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuzga «AKFA Med line» klinikasi shifokorining aloqasi yo‘q

21 avgust kuni Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan tajovuz uyushtirildi. 

Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan ma'lumotlarga tayangan holda Kun.uz saytida e'lon qilingan xabarda bemor A.I.ning o‘g‘li F. Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kelib, shifokor Bobur Shavkatovga uchrashib, u onasini Toshkentdagi «AKFA Med line» xususiy klinikasi mutaxassislari ko‘rigiga olib borganini, u yerda Fuzuliddin ismli shifokor tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganini aytgan. Ushbu shifokor tomonidan go‘yoki avvalgi operatsiyalar noto‘g‘ri qilingani, hozirda qayta operatsiya qilish lozimligi, ushbu operatsiyalarni respublikamiz mutaxassislari amalga oshira olmasligi, shuning uchun Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassis chaqirgan holda operatsiya qilish kerakligi aytilgani ta'kidlanadi.

Ushbu ma'lumot keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markazida bo‘lib, ushbu hodisa yuz berishiga go‘yoki «AKFA Med line» xususiy klinikasi shifokorining gaplari sabab bo‘lgan deya, jiddiy tanqidlar bildirildi.

Kun.uz sayti qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, bemor A.I. haqiqatdan ham o‘g‘li F. bilan birgalikda «AKFA Med line» xususiy klinikasi shifokori F.Z.Arifxodjayevning qabulida bo‘lib, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.

«AKFA Med line» xususiy klinikasi tomonidan ma'lum qilinishicha, F.Z.Arifxodjayev tibbiyot markazining bosh shifokori bo‘lib, u umurtqa pog‘onasiga minimal invaziv jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazuvchi kam sonli mutaxassislardan biri hisoblanadi.

«AKFA Med line» bemor A.I va uning o‘g‘li F shifokor F.Z.Arifxodjayev qabulida bo‘lgan vaqt yozib olingan videoni taqdim etdi. Unda ko‘rish mumkinki, shifokor avvalgi operatsiya noto‘g‘ri o‘tkazilgani va Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassis chaqirib, operatsiya qilish lozimligi haqida umuman gapirmagan. 

Bundan kelib chiqadiki, shifokorga nisbatan tajovuz uyushtirgan gumondorning o‘zini oqlash maqsadida «AKFA Med line» xususiy klinikasi shifokorlarining xulosasini vaj qilib ko‘rsatishi mutlaqo asossiz.

Top