16:03 / 26.08.2019
6086

Andijon viloyatida olti oy davomida 414 ta ichimlik suvi qudug‘i ishga tushirilib, ta'mirlandi

Jamiki mavjudotning hayot manbai bo‘lmish suvning qadri nechog‘li ulug‘ bo‘lsa, suvsozlarning ham hurmati shunchalar qadrlidir. Zero, xalqimiz: “Suv keltirgan elda aziz” deb bejiz aytmagan. Ushbu naql bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Tabiiyki, “obi hayot” ta'minotchilarining-da, faoliyati shunga monand. Birgina Andijon viloyatini olaylik, o‘tgan besh yil mobaynida hududda 300,4 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga 414 ta ichimlik suv qudug‘i hamda 1887 km. suv tarmog‘ini qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi ishlarning ma'lum bir qismi aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashdan iboratdir. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda kelib tushayotgan murojaatlar orasida ham aholini suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasidagi ishlar bardavomligi o‘z ifodasini topmoqda. Tahlillar esa navbatdagi amaliy ishlarga sabab bo‘lyapti. Natijada eng chekka hududlarga ham suv quvuri o‘rnatilmoqda.

- Mahallamiz tuman markazidan 10 km. uzoqlikda joylashgan, - deydi Bo‘z tumanidagi Yakka tol MFYning Muqimiy ko‘chasi 19-uyda istiqomat qiluvchi Alijon Ergashev. - Hududimizdagi mavjud yagona suv nasosi so‘nggi bor 1980 yillarda ta'mirlangan edi. Shunday bo‘lsa-da, mavjud 6 ta ko‘chada istiqomat qiluvchi 380 ta xonadonning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirib keldi. So‘nggi yillarda olib borilgan tub islohotlar samarasi tufayli aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida har bir ko‘chaga alohida suv quvuri tortish ishlari amalga oshirilyapti.

Bo‘z tumanida olib borilayotgan xayrli ishlar bilan tanishar ekanmiz, joriy yilning o‘zida 55 km. masofaga yangi quvurlar tortilishi yuzasidan tashkillashtirilgan ishlardan xalq nechog‘li xursand ekanligiga guvoh bo‘ldik. To‘g‘ri-da, o‘zidan avval holidan xabar olguvchi mutasaddilarning sa'y-harakatlari bilan har bir xonadonning ostonasigacha toza ichimlik suvi keltirilsa-yu, bundan quvonmay bo‘ladimi!

Bu kabi ishlar natijasida Buloqboshi tumanining ham deyarli barcha ko‘chalarida bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Natijada 2018 yilning o‘zida 79,9 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 9 ta quduq qurildi va 6 tasida ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

- Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash har doim kunning eng dolzarb masalasiga aylangan, - deydi Andijon viloyat “Suvoqava” DUK rahbari Shuhratbek Matmusayev. - Zero, aholi turmush darajasini yaxshilash, buning uchun yetarli sharoitni yaratish har qanday vazifadan ustuvordir. Jumladan, viloyatda toza ichimlik suvi yetkazib berish borasidagi ishlar ham qizg‘in tarzda davom etmoqda. Joriy yilning 1-yarim yilligida 56,3 mlrd so‘mlik ish bajarildi. Yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 211.1 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Natijada 4 dona suv qudug‘i va 495,4 km. suv tarmog‘ini qurish, 56 dona suv qudug‘i va 74 km. suv tarmog‘ini ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Bundan atigi 5-6 yil oldin viloyatning istalgan tumaniga qadam ranjida qilgan kishi borki, suv borasidagi muammolarga duch kelgan. Hatto toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan hududlarning mavjud bo‘lganligi sir emas. Navbati bilan bajarilayotgan amaliy harakatlar natijasida Buloqboshi, Oltinko‘l, Xo‘jaobod va Paxtaobod tumanlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 90 foizga yetdi. Tan olish kerak, suv yetkazib berish borasida muammolar yuzaga kelayotgan hududlar ham yo‘q emas. Masalan, Marhamat va Izboskan tumanlarida suv qudug‘i hamda tarmoqlar asosan 1970-1990 yillarda qurilganligi bois, ayni kunlarga kelib xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Hozirda ularni yangilash va ta'mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, sohada 2020-2029 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning natijasida 2030 yilga borib viloyatning barcha hududlari toza ichimlik suvi bilan 100 foiz miqdorida ta'minlanishiga erishiladi.

Bugungi kunga kelib Andijon viloyati aholisi 3 million 50 ming 809 nafarni tashkil etadi. Hamyurtlarimizning 87 foizi toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Ushbu raqamlarning o‘ziyoq soha xodimlari oldida turgan mas'uliyatli vazifalar ko‘lamidan dalolat beradi, deyiladi Andijon viloyat “Suvoqava” DUK matbuot xizmati ma'lumotida.

Top