22:27 / 26.08.2019
7550
O‘zbekistondan “Oskar” mukofotiga nomzod film tanlovi uchun arizalar qabuli e'lon qilindi 

1 oktyabrda O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi 2020 yil 9 fevralda Los-Anjyelesda 92-marotaba o‘tadigan “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” yo‘nalishi uchun O‘zbekistondan nomzod filmni ilgari suradi.

Oskar qo‘mitasi deyarli 90 ta davlatda ochilgan. O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi saytida “Oskar”ga ilgari suriladigan milliy filmlar tanlovida ishtirok etish uchun ariza topshirish tartib-qoidalari e'lon qilindi.

Arizalar 27 avgustdan boshlab Toshkent shahri, Muqimiy ko‘chasi 8-uyda qabul qilina boshlanadi.

12 sentyabrgacha qo‘mita filmlarni ko‘rib chiqishga taqdim qilish uchun kinematografchilar uchun maslahatlashuv o‘tkazadi. Tanlangan filmlar 13-14 sentabr kunlari ko‘rib chiqiladi, 16 sentyabrda esa “Oskar” mukofotiga O‘zbekistondan nomzod film e'lon qilinadi.  

Tanlovda faqat to‘liq metrajli badiiy filmlar ishtirok eta oladi. Filmlarning davomiyligi 40 daqiqadan kam bo‘lmasligi hamda ingliz tilida suratga olinmagan bo‘lishi kerak. 

Shuningdek, filmning kinoteatrlarda namoyishigacha uni televideniye yoki internetda namoyish qilish va DVD-disklarda chiqarish taqiqlanadi. Film avval kinofestivallarda ishtirok etgan bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi.

Bundan tashqari, film 2018 yil 1 oktyabridan 2019 yil 30 sentyabrigacha prokatga chiqarilishi kerak.  

O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi a'zolari tarkibiga “O‘zbekkino” MA bosh direktori Furqat Zokirov (qo‘mita raisi), “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK direktori, rejissyor Bahodir Odilov, O‘zbekiston kinematografchilari uyushmasi raisi, aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov, “O‘zbekfilm” DUK direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Jalolov, Yosh kinematografchilar kengashi raisi, “PROlogue” xalqaro kinofestivali direktori, prodyuser Oybek Abdushukurov, rejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Jahongir Qosimov, O‘zbekiston kinematografiyasini rivojlantirish markazi direktori Sayyora Xudoyberdiyeva kiradi.

Top