12:19 / 26.08.2019
5921

Qonliko‘lda «Yoshlar markazi»ni qurish ishlari nihoyasiga yetdi

Bayram yaqin. Har yili eng ulug‘, eng aziz ayyom yaxshi yangiliklar, xushxabarlar, ko‘rkam binolarning ochilish marosimi-yu mustaqillik tengdoshlarining xalqaro maydondagi nufuzli yutuqlari bilan kirib keladi. Qonliko‘l yoshlari ham bu yilgi mustaqillik bayramini o‘zgacha intiqlik bilan kutmoqda. Chunki yaqindagina tumanning qoq o‘rtasidagi «Yoshlar markazi»ni qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi.  Hozirda mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bo‘lib o‘tadigan mazkur bunyodkorlik inshootining ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu tarixiy voqelikdan nafaqat yoshlar, butun tuman aholisining quvonchi cheksiz.

— Men doim shu ko‘chadan o‘tayotganimda kundan-kunga qavatma-qavat ko‘tarilayotgan "Yoshlar markazi"ni tezroq bitishini duo qilardim. Tasavvurimda bu ulkan bino bilimli yoshlarni tarbiyalovchi, bolalarimizni vatanga kerakli inson bo‘lishiga ko‘maklashuvchi maktabga yordamchi bo‘ladigan maskan sifatida gavdalanardi. Niyatimiz tezroq qutlug‘ bayramimiz kelsa-yu, yangi markazimiz ochilsa, –  deydi tumandagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Bazagul opa Bobojonova.

Bugungi kunda Qonliko‘l tumanida jami 50300 nafar aholi mavjud bo‘lib, shundan 25848 nafarini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, mazkur markaz yoshlar uchun juda muhim va zarur. U minglab yoshlarni turli xil to‘garaklar atrofida birlashtirib, iste'dodini yuzaga chiqarishda, kasb-hunarga mehr uyg‘otishda katta o‘rin tutadi.

Dastavval markazda 4 xil yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.  Ingliz tili, rus tili, matematika hamda axborot kommunikatsion texnologiyalari to‘garaklari shular jumlasidandir. Markaz to‘garaklarga o‘quvchi yoshlarni jalb qilishni allaqachon boshlab yuborgan.

Eng quvonarlisi "Yoshlar markazi"dan axborot resurs markazi ham o‘rin olgan. Qonliko‘lliklar ushbu kutubxonadan sevimli kitoblarini olib o‘qishlari, turli badiiy asarlar yuzasidan bo‘ladigan adabiy bahslarda ishtirok etishi mumkin.

—Tumanimizda yoshlar uchun chet tillarini chuqur o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori edi. Shuning uchun sinfdoshlarim bilan birga rus tili to‘garagiga qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tdik, – deydi Sarvinoz Safarboyeva. —  O‘zim rus adabiyotlarini ko‘p mutolaa qilaman. Lermontov, Pushkin – sevimli adiblarim. Ularning asarlarini aslicha o‘qishda biroz qiynalardim.  Ushbu to‘garakda tilni mukammal o‘rganib, tarjimaga ham qo‘l urmoqchiman.

"Yoshlar markazi"ning bunyod etilishi yoshlarning qalbida mudrab yotgan orzularni uyg‘otib yubordi. Ular endi katta-katta maqsadlar bilan yashashni boshladi. Ishonamizki, mazkur markaz yoshlarning muvaffaqiyat uyiga aylanadi.

Top