23:40 / 26.08.2019
14683
Smartfonlarning salomatlikka zararini kamaytirish usullari ma'lum qilindi 

Malayziyaning Perdan universiteti mutaxassisi Ern Fariz Moxd Poot smartfondan foydalanish vaqtida salomatlik bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni kamaytirishga imkon beruvchi bir nechta maslahatlarni berdi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, smartfondan noto‘g‘ri foydalanish asoratlari birinchi navbatda tayanch-harakat apparatiga, jumladan bo‘g‘imlar, mushak va paylarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Maslahatlardan birinchisi shundan iboratki, kaft o‘lchamiga mos keluvchi smartfon xarid qilish kerak, ya'ni qurilmani boshmaldoq va ko‘rsatkich barmoq bilan ushlay olish muhimdir. Shuningdek, boshmaldoq bilan smartfon ekranining istalgan qismigacha tega olish mumkinligini tekshirish lozim. Bilakka yuklamani kamaytirish uchun boshmaldoq va ko‘rsatkich barmoqni navbati bilan ishlatish lozim.

Mutaxassis smartfonda matnni bir qo‘l bilan terish o‘rniga ikki qo‘lda terishni tavsiya qilgan. Shunda yuklama ikki qo‘lga taqsimlanadi. Agar bu odatdan xalos bo‘lishning imkoni bo‘lmasa, unda matnni barmoq uchi bilan emas, yostiqchasi bilan tergan ma'qul.

Bundan tashqari, uzoq davom etuvchi suhbatlarni quloqchinlar orqali amalga oshirish ma'qul, bunda smartfonni ko‘krak, iyak yoki ko‘z balandligida ushlash lozim, shunda bo‘yin tabiiy holatda bo‘ladi.

Bu tavsiyalar barmoqlar va bilaklarda hamda bo‘yin va belda og‘riqlar paydo bo‘lishi xavfini, qo‘llarning uvishishini kamaytirishga imkon beradi.

Top