14:28 / 27.08.2019
49104

Jakarta nega Indoneziyaga to‘g‘ri kelmay qoldi? Shu vaqtgacha poytaxtini o‘zgartirgan yana 6ta davlat

Aholi sonining ortishi Jakartaning bosh muammolaridan biridir.

Indoneziya hukumati mamlakatning tirbandliklar va aholi soni ortib ketishidan aziyat chekayotgan poytaxti Jakartani Borneo orollariga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Aniq joy va muddat hali ma'lum qilinmadi, ammo prezident Joko Vidodo bu haqda parlamentning avgust oyidagi sessiyasida rasman e'lon qilib bo‘ldi.

Ko‘chirishning sabablari aniq. Jakarta sekin-asta cho‘kib bormoqda — yiliga o‘rtacha 1 santimetrdan 15 santimetrgacha. Olimlarning baholashiga ko‘ra esa hozirgi poytaxt 2050 yilga borib to‘liq suv ostida qolishi mumkin. Shaharning yarmi amalda allaqachon dengiz sathidan pastlagan, chunki Jakarta botqoq yerda joylashgan, uni Yava dengizi yuvib turadi va shahar ichidan 13 daryo oqib o‘tgan.

Bundan tashqari, Jakartada dahshatli tirbandliklar kuzatiladi - 2016 yilda o‘tkazilgan izlanishlar natijasiga ko‘ra, dunyodagi eng yomon tirbandliklar. Aglomeratsiyada 30 millionga yaqin kishi istiqomat qilmoqda va oqova suvning atigi 2-4 foizi tozalanadi.

Aholi sonining ortishi Jakartaning bosh muammolaridan biridir / GETTY IMAGES

Yangi poytaxt Kalimantanda — uch davlat orasida bo‘lib olingan Borneo orolining Indoneziyaga tegishli qismidan o‘rin oladi. Bu hukumatdan 33 mlrd AQSh dollar mablag‘ sarfini talab qiladi va 900 mingdan 1,5 milliongacha kishini joylashtirish uchun 30 mingdan 40 ming gektargacha yerni egallaydi.

Orol markazida joylashgan Palangkaraya shahri yangi poytaxt sifatida tanlash uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Birinchidan, bu shahar geografik jihatdan Indoneziya arxipelagi markaziga yaqin bo‘lsa, ikkinchidan, Indoneziya davlatchiligi otasi va xalq qahramoni Sukarno ham aynan shu shaharni poytaxt qilishga tavsiya etgan.

Mamlakatlar u yoki bu sabablarga ko‘ra o‘z poytaxtlarini bir shahardan boshqasiga ko‘chirishadi, demak Indoneziya bu borada tarixdagi ilk davlat emas. Yaqin o‘tmishga nazar solgan holatda yanada mashhurroq misollarni eslab o‘tamiz.

1. Qozog‘iston

Xon Shatir — Nur-Sulton arxitekturasining javohiri / GETTY IMAGES

1997 yilda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev poytaxtni bosh shahar Olmaotadan ko‘chirishga qaror qildi. Yangi ma'muriy-siyosiy markaz sifatida u poytaxtdan 1200 km shimolda joylashgan provinsial shahar Oqmo‘lani tanladi — qozoq tilida «oq maqbara» ma'nosini beradi.

Prezident birinchi navbatda shaharga yangi nom berdi — Ostona. Umuman olganda, shahar avval ham bir necha marta qayta nomlangan: 1992 yilgacha u Tselinograd deb atalgan, 1961 yilgacha esa Akmolinsk nomi bilan tanilgan.

So‘ngra Nazarboyev Ostonaga poytaxt qiyofasini berish uchun butun dunyodan arxitektorlarni jalb qildi va yangi arxitekturaning diqqatga sazovor joylaridan biri Xon Shatir — mashhur ingliz me'mori Norman Foster tomonidan shaffof chodir shaklida qurilgan ulkan savdo va ko‘ngilochar markaz edi.

Shuningdek, shaharda yangi yodgorlik — Bayterek minorasi qad ko‘tardi, u o‘zini daraxtning nozik tanasi kabi ifoda etadi va tojida Samruk qush tomonidan qo‘yilgan tuxum ramzi bo‘lgan zarhal oynali shar o‘rnatilgan.

Uning yuqorisida maydoncha ham joylashgan bo‘lib, u orqali shaharning boshqa arxitektura yangiliklari — prezident saroyi va Markaziy konsert zalini tomosha qilish mumkin.
Bularning bariga 2018 yilda mamlakat iqtisodiyoti 4,8 foizga o‘sishiga sabab bo‘lgan rivojlangan neft sektori imkoniyat yaratdi.

Shu yilning mart oyida Nursulton Nazarboyev prezidentlikdan ketdi. Parlament esa poytaxtni uning sharafiga nomlashni ovozga qo‘ydi va hozirda shahar Nur-Sulton deb atalmoqda.

Stalin davrida vataniga xoinlik qilgan ayollarning Oqmo‘la lageri yoki A.L.J.I.R. manzilgohi uchun juda ijobiy o‘zgarish.

2. Myanma

Neypido — aholisi zich bo‘lmagan shahar / GETTY IMAGES

Neypido shahri London kabi katta shaharlar maydoniga nisbatan 4 baravar ko‘p hududni egallasa ham, uning aholisi karrasiga kichik.

Bu shahar hozircha qisqa tarixga ega — u 2005 yildan beri mavjud bo‘lib, bungacha hududda kichik qishloqni ko‘rish mumkin edi.

Neypido so‘zi «qirol uchun joy» ma'nosini bildiradi, biroq nega poytaxt aynan shu, eng katta Yangon shahridan 370 km uzoqlikdagi hududga ko‘chirilgani jumboq bo‘lib qolmoqda. 

Voqea sodir bo‘lgan vaqt, ya'ni 2005 yilning noyabrida o‘sha davrdagi axborot vaziri Bi-Bi-Siga intervyu berib, ushbu qadamni poytaxtni nisbatan qulay, markazlashgan holatda joylashtirish maqsadida olg‘a surilgan deb ochiqlagan. Ammo tahlilchilar, katta ehtimol bilan, mamlakatdagi harbiy hukumat dengiz orqali ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tashqi hujumdan saqlanyapti yoki chegaraga tutash hududlardagi kichik etnik guruhlarni yaxshiroq nazorat qilishga urinmoqda deb hisoblashgan.

Myanmaning yashirin harbiy yetakchilari mustamlaka davrida hukmronlik qilib, bashoratchilarning maslahati bilan yangi shaharlar va saroylar barpo etgan Birma qirollarining odatlarini shunchaki takrorlashyapti degan taxmin ham yo‘q emas.

Neypido hozirgi kunda bosh reja bilan bunyod qilinadigan poytaxtning barcha xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan: parlamet binosidan prezident saroyiga olib boruvchi bosh ko‘cha 20 qatorli harakatni ta'minlaydi, vaholanki undagi transportlar qatnovi juda tig‘iz emas.

Maydonlar ko‘zni qamashtiruvchi zamonaviy savdo markazlari va bo‘sh besh yulduzli mehmonxonalar bilan bezatilgan. Shaharda shuningdek, safari parki, hayvonot bog‘i va uch stadion bor. Bundan tashqari, Myanmaning boshqa hududlaridan farqli ravishda bu yerda elektr energiyasi uzluksiz ta'minlanadi.

3. Boliviya

Boliviyada poytaxt ikkita — Sukre va La-Pas.

La-Pas — dunyodagi eng baland tog‘li poytaxt / GETTY IMAGES

Sukre qisqa davom etgan fuqarolar urushida La-Pas shahri aholisiga mag‘lub bo‘lgan 1899 yilgacha yagona poytaxt bo‘lgan.

Shundan so‘ng parlament va amaldorlar apparati to‘liq holatda Boliviyaning eng katta shahri La-Pasga ko‘chib o‘tdi, adliyaning barcha organlari esa Sukreda qoldi.

Sukre 1825 yilda Boliviyaga asos solingan markaziy qismda joylashgan. La-Pasning 1,7 mln aholisi bilan solishtirganda Sukre shahrida atigi 250 ming kishi istiqomat qiladi.

Boliviyaning ikkinchi poytaxti — Sukre shahri / GETTY IMAGES

2007 yilda parlament va boshqaruv organlarini Sukrega qayta ko‘chirish fikri oldinga surildi, biroq shu sababli La-Pasda jiddiy protestlar avj oldi.

Buning ortida prezident Eva Moralesning qashshoq g‘arbiy hududlardagi tarafdorlari va nisbatan boy bo‘lgan sharqiy viloyatlarning muxolifat kuchlari o‘rtasidagi ziddiyat yuzaga keldi.

Natijada bu fikrdan voz kechildi va hozirgi kungacha Boliviya ikki poytaxtli davlat bo‘lib qolmoqda.

4. Nigeriya

Abudja o‘sib borayotgan avtomobil qatnovini hisobga olgan holda barpo etilgan / REUTERS

Nigeriyaning eng katta shahri hisoblangan Lagos 1991 yilgacha mamlakatning poytaxti ham bo‘lgan.

Bosh shaharni Abudjaga ko‘chirish uchun sabablar bir nechta bo‘lgan: birinchidan, qirg‘oqdan olis holatdagi uning markaziy joylashuvi.

Ikkinchidan, Lagos o‘sha vaqtda ham juda ko‘p aholi bilan to‘lib toshardi, shahar Afrikaning Sahroi Kabir janubida joylashgan barcha shaharlari orasida eng zichi edi.

Shuningdek, siyosiy va etnik jihatdan Abudja neytral shahar deb hisoblangan, chunki Lagos aholisining katta qismi yoruba millatiga mansub bo‘lsa, mamlakat janubi-sharqda igbolar ustunlik qilgan, shimoli-g‘arbda esa xausanlar.

Lagos hozirgi kunga qadar Nigeriyaning savdo poytaxti sifatida qolmoqda / REUTERS

Bu kichik ahamiyatli sabab bo‘lmagani 1967-70 yillarda mamlakatda biafro-nigerlar urushi va igbo qabilasi vakillari Nigeriya kengashidan chiqishni istaganlari tasdiqlaydi.

Lagos o‘z-o‘zidan bunyodga kelgan bo‘lsa, Abudja Nigeriyaning reja asosida qurilgan ilk shahri bo‘ldi. Lagos o‘zining yo‘l tirbandliklari tufayli salbiy mashhurlikka erishgan, Abudjada esa yo‘llar keyinchalik yanada o‘sishi kutiladigan avtomobil tig‘izligini hisobga olgan holda qurilgan.

Yangi poytaxtda shunindek madaniy idoralar, prezident saroyi, Milliy assambleya binosi va Oliy sud ham mavjud. Vaholanki, federal darajadagi bir qator muassasalar hali ham norasmiy ravishda Lagosda qolmoqda.

5. Portugaliya

Zamonaviy Rio XIX asr boshida portugal qirollik ayonlari yetib kelgan hududdan
hayratlanarli ravishda farq qiladi

Portugaliya poytaxti 13 yil davomida mutlaqo Lissabon emas, Rio-de-Janeyro bo‘lgan. Nima uchun? Napoleon sabab.

Pireney urushi davrida (1807-1814 yillar) fransuzlar uch marta Portugaliyani bosib olishgan. Napoleon armiyasining 1807 yil dekabridagi hujumiga bir necha kun qolganda o‘sha paytda taxtda bo‘lgan Braganza sulolasi Braziliyaga qochib ketadi, u Portugaliya mustamlakasi edi va 1808 yil martda sulola Rioga yetib boradi.

O‘n to‘qqizinchi asrning boshlarida Rio gullab-yashnayotgan shahar edi: oltin, olmos va shakar savdosi avjida bo‘lgan. Aholining uchdan bir qismi — 1 mln kishi — qullar bo‘lgan.
Lissabon naq 13 yil Portugaliya poytaxti bo‘lmay qolgan. U yerda portugal shahzoda-regent Xuan VI Portugaliya, Braziliya va Algarve Birlashgan Qirolligini tashkil qiladi va koloniya darajasidagi Braziliyaning mavqeyi bir muncha oshadi. Bu mamlakat katta ma'muriy mustaqillikka ega bo‘lgan.

1816 yilda Portugaliya qirolichasi Mariya I vafotidan so‘ng Xuan VI qirolga aylanadi, 1821 yilda qirollik hukumati Lissabonga qaytadi va mos ravishda shahar o‘zining poytaxt maqomini tiklaydi.

Biroq Rioda portugal qirollik hokimiyati istiqomat qilgani nafaqat ushbu megapolisda, balki butun Braziliyada o‘chmas iz qoldiradi, iqtisodiyot rivojlanishiga turtki beradi va mustaqillikka bo‘lgan intilishni kuchaytiradi.

6. Turkiya

Anqara dengiz sathidan 938 metr balandlikda yastangan 

Istanbulga tashrif buyuruvchi sayyohlarning aksariyati hozirgi kunda ham Turkiya poytaxtiga keldim deb o‘ylashadi.

1923 yilning 13 oktyabrida Anqaraga hokimiyatni jilovini topshirgan Istanbul Yevropa qit'asining eng aholisi ko‘p megapolislaridan biri edi, Anqarada esa 35 ming kishi istiqomat qilardi.

Nima uchun bunday qilingan?

Gap shundaki, Birinchi jahon urushidan so‘ng Usmoniylar imperiyasining katta qismi Antanta ittifoqi tomonidan okkupatsiya qilingan — hattoki Qora va O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lanib turuvchi Istanbul ham. Darvoqe, o‘sha davrda u hali ham Konstantinopol deb atalardi, Istanbul deb qayta nomlanishi keyinroq, 1930 yilda ro‘y bergan.

Mamlakat poytaxtini uning ichki qismiga, Anatoliy platosida joylashgan Anqara shahriga ko‘chirish g‘oyasi zamonaviy Turkiya asoschisi va uning birinchi prezidenti Kamol Otaturk tomonidan olg‘a surilgan. 

Istanbul 1930 yilgacha Konstantinopol deb atalgan

Dengiz sathidan 938 metr balandlikda joylashgan Anqara shahri, balki, hududi, tarix va madaniy hayotning turfaligi borasida Istanbuldan ortda qolar, ammo hozirda u ham sayyohlar e'tiborini o‘ziga muntazam jalb qiluvchi ko‘pmillionli shaharga aylangan.

Nomlanishi antik davrdan beri u bilan birga va qadimgi yunon tilidagi «Angora» so‘zidan olingan. Shahar aynan shu nom bilan qadimdan mashhurlikka erishgan va angora mushugi, angora quyonlari va angora yungi atamalari shundan kelib chiqqan.

Top