23:02 / 27.08.2019
34215

Vanil muzqaymoq, fazoga parvozlar va Su-57: Rossiya Erdo‘g‘anga shularni taklif qildi

Foto: TASS

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Moskva viloyatidagi Jukovskiyda o‘tayotgan MAKS aviasaloniga tashrif buyurdi. U yerda Erdo‘g‘anga ko‘plab, jumladan ancha qimmat takliflar qilindi. Turkiya prezidentiga nimalar taklif qilindi va uning o‘zi nimalarga qiziqish bildirdi? Quyida shu haqda. 

1. Su-57 qiruvchi samolyoti va Su-30’da parvozlar

Erdo‘g‘an aviasalon bo‘ylab ekskursiya vaqtida Rossiyaning 5-avloddagi eng zamonaviy S-57 qiruvchi samolyotlarini sotib olishga qiziqish bildirgan.

“Bu Su-57’mi? U uchmoqdami?”, deb so‘ragan Turkiya prezidenti samolyotni ko‘zdan kechirish vaqtida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan. “Ha, uchadi”, deb javob qilgan Putin. Erdo‘g‘an “Sotib olish mumkinmi?”, deb so‘raganda “Ha mumkin”, deb javob qilgan Rossiya rahbari.

Keyinroq Putin matbuot anjumanda Rossiya turkiyalik uchuvchilar uchun Su-30SM qiruvchi samolyotlarida parvozlarni tashkillashtirishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, ta'kidlanishicha, Turkiya Su-35 samolyotlariga jiddiy qiziqish namoyish qilgan. 

2. Turk fazogirining orbitaga yuborilishi

“Roskosmos” korporatsiyasi rahbari Dmitriy Rogozin Turkiya prezidentiga Xalqaro koinot stansiyasiga turkiyalik fazogirni jo‘natishni tashkillashtirishni taklif qilgan.

“Bizda sizga taklif bor – Turkiya yubileyiga turk fazogirining orbitaga yuborilishini tashkillashtirish. Fazogirlarni tayyorlash markazi bunga tayyor”, deb aytgan Rogozin.

Erdo‘g‘an bunga rozi bo‘lib, “muqaddas ish”ga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan.

3. S-400 majmualari yetkazilishi

27 avgustda Vladimir Putin Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda Turkiyaga S-400 majmausining yana bir partiyasi yetkazib berila boshlanganini ma'lum qildi.

Majmuani ishlab chiqaruvchi “Almaz-Antey” konserni bosh direktori Yan Novikovning aytishicha, 1 sentyabrdan turk harbiylarining S-400’ni boshqarishga o‘rgatish boshlanadi va bu jarayon 2020 yil 2 yanvargacha davom etadi.

Erdo‘g‘an S-400 atrofida “ko‘plab mish-mishlar bo‘lganini”, biroq Turkiya hukumati “ularga zig‘ircha ham e'tibor qaratmagani”ni ta'kidlab o‘tgan.  

Rossiya S-400’dan yana yetkazib berishni taklif qilishga tayyorligini bildirgan.

4. “Turk oqimi” bo‘ylab gaz

Putinning aytishicha, Rossiyaning gazi “Turk oqimi” quvuri orqali Turkiyaga joriy yil oxirigacha yetkazila boshlanadi. 

Rossiya yetakchisi, shuningdek, “Rosatom” kompaniyasi Turkiyadagi ilk atom elektr stansiyasi – “Okkuya”ni qurayotganini eslab o‘tgan. 

5. Vologda muzqaymog‘i

Rossiya prezidenti aviasalon bo‘ylab sayr vaqtida o‘zining turkyalik hamkasbini muzqaymoq bilan mehmon qilishga qaror qildi. Erdo‘g‘an Vologdaning vanil muzqaymog‘ini, Putin esa o‘ziga shokoladli va qaymoqli stakancha shaklidagi muzqaymoqdan sotib olgan.

“Menga ham to‘lab yuborasanmi?”, deb hazil qilgan Erdo‘g‘an Putinga. “To‘lab yuboraman, sen axir mehmonsan!”, deb javob qilgan Putin.

Shunda sotuvchi ayol umumiy narx 210 rubl bo‘lganini aytgan. Putin unga 5 ming rubllik kupyura uzatgan. 

“Qaytimni vazirga bering. Bu unga aviatsiyani rivojlantirishga”, deb hazil qilgan Putin Rossiya savdo-sanoat vaziri Denis Manturovga ishora qilib. Manturov esa “Saxiyligingiz uchun rahmat”, deb kulib yuborgan. 

Ikki davlat yetakchilarining muzqaymoq xaridi vaqtida yana bir antiqa holat yuz bergan. Putin Erdo‘g‘anga biroz ezilgan vafli stakanli muzqaymoqni berganda, Turkiya prezidenti uni qanday yeyish kerakligini bilmay biroz esankirab, muzqaymoq sotayotgan ayoldan “Sizda mabodo qoshiq yo‘qmi?” deb so‘ragan. “Yo‘q. Shunday tishlayvering”, deb qisqagina qilib qo‘ygan sotuvchi.

Top