10:19 / 28.08.2019
4863

Senat va Qonunchilik palatasining xarajatlari smetasini tasdiqlash tartibi o‘zgardi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi budjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi 522–II-sonli Qonunining 35-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«35-modda. Qonunchilik palatasining xarajatlari smetasi

Qonunchilik palatasining xarajatlari, shu jumladan parlamentlararo va xalqaro hamkorlikka doir xarajatlari smetasi Qonunchilik palatasi devoni tomonidan Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi bilan birgalikda tuziladi.

Qonunchilik palatasining kelgusi yil uchun xarajatlari smetasi har yilgi indeksatsiya hisobga olingan, joriy yildagi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Qonunchilik palatasining xarajatlari smetasi Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Qonunchilik palatasi xarajatlarining tasdiqlangan smetasi uni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantiriladigan loyihasiga kiritish uchun joriy yilning 1 iyulidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi 523–II-sonli Qonunining 34-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«34-modda. Senatning xarajatlari smetasi

Senatning xarajatlari, shu jumladan parlamentlararo va xalqaro hamkorlikka doir xarajatlari smetasi Senat devoni tomonidan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda tuziladi.

Senatning kelgusi yil uchun xarajatlari smetasi har yilgi indeksatsiya hisobga olingan, joriy yildagi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Senatning xarajatlari smetasi Senat Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Senat xarajatlarining tasdiqlangan smetasi uni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantiriladigan loyihasiga kiritish uchun joriy yilning 1 iyulidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

Top