16:25 / 28.08.2019
21911
SSV Toshkentda savdo majmuasi qurilishi vaqtida jarohatlangan ishchilar holati haqida ma'lumot berdi

Bugun, 28 avgust kuni soat taxminan 13:00da Toshkent shahridagi Nurafshon ko‘chasida qurilayotgan «Riviera» savdo majmuasi hududida qurilish-ta'mirlash ishlarida yuz bergan baxsiz hodisada jarohatlangan 2 nafar ishchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanalida xabar berilishicha, jarohatlanganlar zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, 45 yoshli O.Sh. o‘ng tovon suyagining sinishi tashxisi bilan o‘rta og‘ir ahvolda, Z.R. esa aralash travma, chap yelka suyagining sinishi tashxisi bilan yotqizilgan. 

Bemorlar malakali shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lib, ularga barcha kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlar beriladi.

Bundan avvalroq, FVV Olmazor tumanidagi mazkur savdo majmuasi qurilish jarayonida metall konstruksiya qulashi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilgandi.

 

Top