11:15 / 28.08.2019
14727

Transferga yaqin qoldi. Neymar faqat «Barselona»ga qaytishni istamoqda

Ko‘k-anorranglilar 2 sentyabrgacha kelishuvga erishilishiga umid qilishmoqda.

«Barselona» sport direktori Xaver Bordas «PSJ»dan Neymarni qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarga to‘xtalib o‘tdi.

«Hali kelishuvga erishilmadi. Muzokaralarni davom ettiryapti. Uchrashuvda pul masalasini muhokama qildik. O‘ylashimcha, Neymar transferiga yaqinlashyapmiz», – deya Bordasning so‘zlarini keltirdi AS.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, 27 avgust kuni «PSJ» shtab-kvartirasida ikkala klub vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda «Barselona» rahbariyatidan texnik kotib Erik Abidal, ijrochi direktor Oskar Grau va sport direktori Xaver Bordas, «PSJ»dan esa sport direktori Leonardo ishtirok etgan.

Le Parisien nashrining yozishicha, kataloniyaliklar klubi parijliklarga Neymar uchun 170 million yevro taklif qilgan. Bu pul bir necha transhga bo‘lib to‘lanishi rejalashtirilgan.

Yana bir variantga ko‘ra, 100 mln yevroga qo‘shib, vinger Usmon Dembele va himoyachi Nelson Semedu taklif qilingan. «PSJ» hozircha takliflarga aniq javob bermagan.

Ko‘k-anorranglilar 2 sentyabrgacha kelishuvga erishilishiga umid qilishmoqda.

Bundan avvalroq Neymar «PSJ» rahbariyatiga «Barselona»ga qaytish istagini ma'lum qilgani haqida xabar tarqalgandi. Shu tufayli, «Yuventus» va «Real»da uni qo‘lga kiritish imkoniyatlari keskin pasaygan.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, Parij klubi Neymar ketgan taqdirda uning o‘rniga Londonning «Kristal Pelas» klubidan Uilfrid Zaani olib kelishni rejalashtirgan.

2017 yilda 222 million yevro evaziga «Barselona»dan Parijga kelgan Neymar poytaxt klubi uchun shu vaqtgacha jami 58 o‘yinda ishtirok etib, 51 gol urdi va 29 golga uzatma berdi.

2018/19 yilgi mavsumda Neymar jarohatlar tufayli jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok eta olmadi, u barcha turnirlar doirasida jami 28 o‘yinda maydonga tushgan va 23 gol urib, 13 golga hammualliflik qildi. Transfermarkt.de portali ma'lumotiga ko‘ra, Neymarning transferi 180 million yevroga baholangan. Neymar 2013 yildan 2017 yilga qadar «Barselona»da to‘p surgan.

Top