11:02 / 29.08.2019
0
34972

Human Righs Watch O‘zbekiston rasmiylarini «Jasliq»dagi qiynoqlarni tekshiruvdan o‘tkazishga chaqirdi

Foto: Pixabay

27 avgust kuni Human Righs Watch (HRW, «Inson huquqlari himoyachisi») nodavlat notijorat tashkiloti o‘z rasmiy veb-saytida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi «Jasliq» ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi yopilishi yuzasidan maqola e'lon qildi.

HRW’ga ko‘ra, 1999 yilda ochilganidan beri koloniya O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq dahshatli vaziyatning ramziga aylanib, minglab diniy va siyosiy mahbuslar uchun «qiynoq uyi» bo‘lib kelgan, «ba'zi mahbuslar tirik chiqmagan».

Maqolada o‘nlab yillar davomida O‘zbekistonni Jasliqni yopishga chaqirgan chet el hukumatlari, BMT organlari va inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab mahalliy hamda xalqaro guruhlar, jumladan Human Righs Watch haqida so‘z boradi. Ular orasida:

2002 yilda BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Teo van Bouen birinchi marta Jasliqni yopishga chaqirgan bo‘lib, bu «aniq qiynoq belgilari bo‘lgan shubhali o‘lim holatlari», jumladan qurbonlardan birining tanasi qaynoq suvga tushirilganini tasdiqlovchi dalillar aniqlangach ro‘y bergan.

2009 yilda HRW Yevropa ittifoqini O‘zbekiston bilan muzokaralarda inson huquqlari, shu jumladan Jasliqda qiynoqqa solish masalasi bo‘yicha mavzuni ko‘tarishga chaqirdi.

HRW 2014 yilda O‘zbekistondagi siyosiy mahkumlar to‘g‘risidagi hisobotda Jasliq qanday qilib «O‘zbekistonning dahshatli qamoqxona rejimi ustuni» bo‘lganligini hujjatlashtirgan.

2017 yilda, Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan bir yil o‘tib, HRW uni BMT tavsiyalarini bajarishga va «Jasliq»ni yopishga chaqirgan.

Tashkilotning ta'kidlashicha, «Jasliq»ning yopilishi O‘zbekistonga inson huquqlari bo‘yicha uzoq va qorong‘i tarix sahifasini yopishga imkon beradi. O‘zbekiston hukumati ushbu qadam penitensiar va sud tizimida uzoq vaqtdan beri kutilgan islohotlarning bir qismi bo‘lishini ta'minlashi kerak.

«Toshkent ushbu qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha mustaqil tekshiruvni ham boshlashi kerak. Qonunbuzarlar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi lozim. Qurbonlar va ularning oilalari kompensatsiya olishi shart», - deyiladi HRW bayonotida. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top