18:38 / 29.08.2019
0
7556

Misrda teleboshlovchi semiz insonlar sha'niga aytgan so‘zlari uchun televideniyedan bir yilga chetlashtirildi

Foto: Mohamed Abd El Ghany/Reuters

Misrda taniqli bo‘lgan teleboshlovchi Rixam Said semiz insonlar haqida aytgan so‘zlari uchun efirdan bir yilga chetlashtirildi, deb xabar berdi Sky News Arabia telekanali. 

Rixam Said

OAVni tartibga solish masalalari bo‘yicha Misr oliy kengashi ana shunday qaror qabul qildi.

Bir oz muddat avval Rixam Said yoshlarga oid teleko‘rsatuvda ortiqcha vazn qo‘ygan misrliklar haqida keskin fikr bildirgandi. Ayniqsa, Said to‘la ayollarni "oila va mamlakat uchun ortiqcha yuk", "o‘lik", "xunuk" va "erga tegish istiqbolidan mahrum" deb atagandi.

Teleboshlovchining tanqidi Misr aholisi orasida norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. Rixam Saidni irqchilik, tahqirlash va insonlarga hurmatsizlikda ayblashdi. Unga Misrning aksariyat aholisi boy emasligini, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va semirish kasalligiga qarshi qimmat dorilarni sotib olishga imkonlari yo‘qligini eslatishdi.

Said ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zini oqlashga harakat qildi.

"Meni noto‘g‘ri tushunishdi. Men semizlik ustidan kulmoqchi va qoralamoqchi emasdim, balki uning salomatlik uchun xavfli ekanligini aytmoqchi edim", - deb yozdi teleboshlovchi. Ammo uning bu so‘zlari ommani tinchlantira olmadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top