07:41 / 30.08.2019
0
10255

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi orden bilan mukofotlandi

Vladimir Tyurdenev/Foto: www.kremlin.ru

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Lvovich Tyurdenev «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bu haqdagi tegishli farmonni imzoladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni hamda ikki mamlakat hududiy birliklarining o‘zaro munosabatlarini kengaytirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, manfaatli va istiqbolli moliyaviy-texnik va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi samarali faoliyati, respublikamiz uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi ko‘magi, shuningdek, xalqlarimiz orasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Lvovich Tyurdenev «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondini tashkil etish va samarali faoliyat yuritishini ta'minlash to‘g‘risidagi respublikamiz tashabbusini xalqaro miqyosda ilgari surishga qo‘shgan salmoqli hissasi, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlari sharoitida aholi salomatligini asrash, energiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlat boshqaruvi va iqtisodiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish sohalarida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘ptomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari, o‘zbek xalqining tarixi va madaniyatiga oid chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish, ular asosida qator fundamental ilmiy asarlar yaratishga qo‘shgan salmoqli hissasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning mazmun-mohiyati va ko‘lami haqida xalqaro hamjamiyatni keng xabardor etishdagi samarali faoliyati uchun J.Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari, parlamentlararo muloqotni faollashtirish, o‘zbek parlamentchiligining qonun ijodkorligi borasidagi salohiyatini yanada oshirishga qo‘shgan hissasi, AQSh Kongressida «O‘zbekiston bo‘yicha Kokus» – do‘stlik guruhini tashkil etish va barqaror ishlashini ta'minlash, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi samarali faoliyati, shuningdek, mamlakatimiz tarixi va madaniyati, so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari to‘g‘risida jahon jamoatchiligini xabardor etib borayotgani uchun AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zosi Trent Kelli «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘rtasidagi ko‘pqirrali o‘zaro samarali hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot, ekologiya, qonun ustuvorligini mustahkamlash va xavfsizlik sohalaridagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qo‘shgan katta hissasi, O‘zbekiston Respublikasining global va mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tinchlik, barqarorlik va qat'iy o‘sishni ta'minlashga yo‘naltirilgan tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top