10:48 / 31.08.2019
0
2562

O‘zbekiston va Janubiy Koreya deputatlik korpuslari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni saqlab turishga kelishib oldi

2019 yil 30 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati, MDH mamlakatlari parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo diplomatik forum rahbari Chu Mi E boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi huzuridagi MDH mamlakatlari parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo diplomatik forum ushbu davlat parlamenti spikeri Mun Xi Song tashabbusi bilan joriy yilning iyun oyida tashkil etilgan. Mazkur forumning asosiy maqsadi Koreya Respublikasi va MDH mamlakatlari qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish hisoblanadi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Koreya parlamentlari o‘rtasida bugun tobora mustahkamlanib borayotgan munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalariga e'tibor qaratildi.

Ta'kidlanganidek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar 1995 yilda boshlangan bo‘lib, o‘sha paytda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya – O‘zbekiston” parlament do‘stlik assotsiatsiyasi tuzilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida esa, 2005 yildan buyon Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati yuzasidan tajriba almashish hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ham yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi sheriklik imkoniyatini oshirish, o‘zaro sarmoya kiritish hajmini kengaytirish, bunda parlamentlarning salohiyatidan yanada unumli foydalanish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat deputatlik korpuslari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni saqlab turishga kelishib oldilar.
 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top