09:28 / 31.08.2019
0
8707

Yangibozor tumanida kam ta'minlangan oilalarga uy-joylar topshirildi

Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida kam ta'minlangan oilalar va nogironligi bor shaxslarga uy-joylar topshirildi va yangi tikuvchilik korxonasi ochildi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.

30 avgust kuni o‘tkazilgan tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Masharipov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etishdi.

Avvalroq Yangibozor tumani markazi qiyofasini zamonaviylashtirish va unda yashovchilar uchun yangi qulayliklarni yuzaga keltirish maqsadida «Namunaviy obod markaz» dasturi loyihasi ishlab chiqilgan edi. Unga asosan uy-joyga muhtoj, kam ta'minlangan, nogironligi bo‘lgan aholi uchun davlat xususiy sherikchiligi asosida 200 kv.m. maydonli 30ta uy-joy qurib berildi. O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi arafasida baxtiyor oilalarga uy-joylarning kalitlari, esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, qurilishga o‘zining beminnat hissasini qo‘shgan tadbirkorlar, quruvchilar ham tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar va qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Qayd qilish joizki, yangi uy-joylar yonida «Xorazm-baraka chevarlari» tikuvchilik korxonasi ham qisqa muddatlar ichida qurib bitkazildi. Bu korxonaga Xitoy, Tailand va Malayziya davlatlaridan shartnoma asosida 50dan ziyod tikuv mashinalari, turli dastgohlar keltirilgan. Unda yuzdan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi. Ularning orasida 30ta uy-joy egalarining ham borligi, ishsiz, og‘ir sharoitdagi ayollar uchun ulkan imkoniyat bo‘ldi.   

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top