12:57 / 01.09.2019
11788

Zelenskiy tashqi ishlar vazirligi uning Putin bilan suhbatlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringanini aytdi

Foto: Sergii Kharchenko / ZUMA / TASS

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat TIVning avvalgi rahbariyati uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringanini aytdi. U bu haqda «1+1» telekanalida «Ukraina prezidentining 100 kuni» ko‘rsatuvida ma'lum qildi.

«Tashqi ishlar vazirligining oldingi rahbariyati Rossiya prezidenti bilan suhbatlashishimni juda ham istashmasdi. Ular uchun bu siyosiy, men uchun esa insoniy masala edi. Ular dengizchilar uylariga Zelenskiy Putin bilan gaplashganidan keyin qaytishidan qo‘rqishardi», — dedi Zelenskiy.

«Gaplashishga qaror qildim. Tanishdik. Yarim soatcha suhbatlashdik. Biz yigitlarimizni qaytarish, keyingi qadamlar, Donbassdagi urush to‘g‘risida gaplashdik. U o‘zidagi ma'lumotlarni, men o‘zimdagi ma'lumotlarni aytdim. Bular Donbassdagi voqealar haqida turlicha ma'lumotlar edi», — dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Putinga ikkinchi marta ukrain harbiylari halok bo‘lganidan keyin qo‘ng‘iroq qilgan. U bu suhbat mazmunini oshkor qilmasligini aytdi.

Zelenskiyning Putin bilan telefon orqali birinchi muloqoti 11 iyulda, ikkinchi muloqoti esa 7 avgustda bo‘lib o‘tgandi.

Top