09:32 / 02.09.2019
13
20758
Yangi Soliq kodeksi loyihasi yana muhokama uchun e'lon qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi Soliq kodeksi loyihasi yana jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar ro‘y berishi kerak bo‘lgan voqea yoki amalga oshirilishi kerak bo‘lgan harakat ko‘rsatilgan kalendar sana bilan yoki vaqtning yillar, choraklar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan o‘tish davri bilan aniqlanadi.

Kalendar sanadan yoki voqea ro‘y berishi kerak bo‘lgan sanadan keyingi kun soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatni hisoblash kuni deb hisoblanadi.

Yillar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tugaydi. Bunda ketma-ket keladigan 12 oydan iborat har qanday vaqt davri yil deb e'tirof etiladi, kalendar yil bundan mustasno.

Choraklar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Bunda chorak uch kalendar oyga teng deb hisoblanadi, choraklarni sanash esa kalendar yil boshidan e'tiboran olib boriladi.

Oylar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi.

Agar muddatning tugashi tegishli sana mavjud bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat mazkur oyning oxirgi kunida tugaydi.

Kunlar bilan hisoblanadigan muddat, agar bu muddat kalendar kunlar bilan belgilanmagan bo‘lsa, ish kunlari bilan hisoblanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq dam olish va (yoki) ishlanmaydigan bayram kuni deb e'tirof etilmaydigan kun ish kuni deb hisoblanadi.

Agar muddatning oxirgi kuni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq dam olish va (yoki) ishlanmaydigan kun deb e'tirof etiladigan kunga to‘g‘ri kelsa, dam olish kunidan va (yoki) ishlanmaydigan kundan keyingi ish kuni muddatning tugash kuni deb hisoblanadi.

Amalga oshirilishi uchun muddat belgilangan harakat muddatning oxirgi kuni soat 24 ga qadar bajarilishi mumkin.

Agar hujjatlar yoxud pul mablag‘lari aloqa tashkilotiga muddatning oxirgi kuni soat 24 ga qadar topshirilgan bo‘lsa, muddat o‘tkazib yuborilmagan deb hisoblanadi.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari majburiylik, adolatlilik, aniqlik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi prinsiplariga asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:

1) foyda solig‘i;

2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

3) qo‘shilgan qiymat solig‘i;

4) aksiz solig‘i;

5) yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq;

6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

7) mol-mulk solig‘i;

8) yer solig‘i;

9) yagona ijtimoiy soliq.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yig‘imlar belgilanishi mumkin. Yig‘imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Avtotransport yig‘imini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi ushbu Kodeks bilan tartibga solinadi.

Davlat boji – yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlarni berganlik uchun olinadigan to‘lovdir. O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji konsullik yig‘imi tariqasida undiriladi.

Davlat bojini hisoblab chiqarish va undirish tartibi davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeks bilan maxsus soliq rejimlari belgilanadi.

 O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:

1) aylanmadan olinadigan soliq;

2) mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;

3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga soliq solishning alohida tartibi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun maxsus soliq rejimlari qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.

Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, shuningdek pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llash nazarda tutishi mumkin.

Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining sub'yektlari deb e'tirof etiladi.

 Belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq to‘lovchilar deb e'tirof etiladi.

Yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari mazkur shaxslarning soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari joylashgan joyi bo‘yicha bajaradi.

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari soliq to‘lovchilar deb e'tirof etiladi.

Soliq to‘lovchilar:

1) soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari doirasida) amaldagi soliqlar to‘g‘risida, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi o‘zgarishlar haqida, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risida axborot olish, shuningdek, soliq hisobotining va arizalarning shakllarini, ularni to‘ldirish tartibi haqida tushuntirishlarni bepul olish;

2) o‘z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlaridagi va boshqa vakolatli organlardagi mavjud ma'lumotlarni olish;

3) ushbu Kodeksda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda va tartibda soliq imtiyozlaridan foydalanish yoxud ulardan foydalanishni rad etish;

4) soliqlar, penyalar va jarimalarning ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini o‘z vaqtida hisobga o‘tkazish yoki qaytarish;

5) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash;

6) soliq solish obektlarini hisobga olishda, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lashda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;

7) ushbu Kodeksga muvofiq o‘zlarining hududlarida o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditida ishtirok etish;

8) sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi materiallari bilan tanishish, shuningdek ushbu tekshiruvlarning dalolatnomalarini olish;

9) soliq tekshiruvini amalga oshiruvchi soliq organlariga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosiga taalluqli masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish;

10) soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning hamda ularning mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va (yoki) soliq to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan talablarini bajarmaslik;

11) soliq organlari va boshqa vakolatli organlarining normativ tusga ega bo‘lmagan hujjatlari va qarorlari ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

12) soliq organlari va boshqa vakolatli organlarining qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;

13) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi materiallarini yoki soliq organlarining boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish;

14) soliq munosabatlari masalalariga oid o‘z manfaatlarini shaxsan yoki o‘z vakili orqali, shu jumladan soliq maslahatchilari tashkiloti orqali ifodalash;

15) soliq siriga rioya etish va uni saqlash huquqiga ega.

Soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda va soliq to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham egadir.

Soliq to‘lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq to‘lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.

Soliq to‘lovchilarning huquqlari soliq organlari va boshqa vakolatli organlar mansabdor shaxslarining tegishli majburiyatlari bilan ta'minlanadi.

Soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta'minlashga oid majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Soliq to‘lovchilar:

1) belgilangan soliqlar va yig‘imlarni, avans oldindan to‘lanadigan hamda joriy to‘lovlarni ushbu Kodeksning maxsus qismida belgilangan tartibda va muddatlarda, o‘z vaqtida hamda to‘liq hajmda hisoblab chiqarishi va to‘lashi;

2) hujjatlarni ko‘rib chiqish yoki tushuntirish berish zaruriyati to‘g‘risida chaqiruv xati olinganda soliq organiga kelishi;

3) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda xaridorga hisobvaraq-fakturalar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni berishi;

4) soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslarini soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlar, soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi va o‘z vaqtida to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek elektron jismlarda saqlanadigan tegishli axborot bilan tanishish uchun kirishini ta'minlashi;

5) soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek ko‘rsatilgan organlar va ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi;

6) agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobotlarining va soliqlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning tegishli soliqlarni to‘lash uchun belgilangan kalendar yildan keyingi olti yil mobaynida saqlanishini ta'minlashi;

7) o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organlarini O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va chet el yuridik shaxslaridagi ishtiroki to‘g‘risida xabardor etishi;

8) soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi shart.

Soliq to‘lovchi bo‘lgan yuridik shaxslar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, o‘zlari hisobga olingan joydagi soliq organlariga o‘zlarining barcha alohida bo‘linmalari to‘g‘risida va alohida bo‘linmalarga oid ilgari xabar qilingan ma'lumotlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida alohida bo‘linma tashkil etilgan va mazkur ma'lumotlar o‘zgartirilgan kundan e'tiboran bir oy ichida ma'lum qilishi shart.

Ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotini elektron shaklda taqdim etish majburiyati zimmasiga yuklatilgan shaxslar soliq organlari soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlardagi o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida foydalanadigan hujjatlarning soliq organidan telekommunikatsiya tarmoqlari orqali elektron shaklda olinishini ta'minlashi kerak. Bunda hujjatlar jo‘natilgan sanadan e'tiboran uch kun ichida olingan deb hisoblanadi.

Ushbu Kodeksga muvofiq soliq solish obekti deb e'tirof etiladigan ko‘chmas mol-mulkka ega bo‘lgan chet ellik yuridik shaxslar ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, ko‘chmas mol-mulk obekti turgan joydagi soliq organiga ushbu chet ellik yuridik shaxsning ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda xabar qilishi shart. Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari mazkur holatlarda o‘z muassislari, benefitsiarlari va boshqaruvchilari haqidagi ma'lumotlarni xabar qilishi kerak. Chet ellik yuridik shaxsda (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasida) ushbu moddada ko‘rsatilgan bir nechta mol-mulk obekti mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu shaxs tanloviga ko‘ra, xabar mol-mulk obektlarining biri turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan soliqlar to‘laydigan soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oladi.

Soliq to‘lovchi o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top