16:02 / 04.09.2019
0
5296

Buxoro viloyatida «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi bor-yo‘g‘i 33 foizga bajarilgan

Joriy yil 4 sentabr kuni xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi 60-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Senat a'zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Qayd etilishicha, viloyatda xususiy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bir qator muammolar mavjud. Xususan, bugungi kunda viloyatda 19 ming 685 ta tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 4 ming 452 ta tadbirkorlik sub'yekti yangidan tashkil etilgan. Ammo tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yetarli ishlar olib borilmagani oqibatida ularning qariyb 1 ming 50 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari Buxoro shahrida (208 ta), G‘ijduvon (218 ta), Buxoro (155 ta) va Shofirkon (106 ta) tumanlarida ko‘pchilikni tashkil etadi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan muammolar tahlil etilar ekan, kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani ana shunday to‘siqlardan biri ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar oqibatida bugungi kunda viloyatda muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 23 milliard 300 million so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelganligi ham ta'kidlab o‘tildi. Bunday holat tijorat banklarining moliyaviy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi barobarida milliardlab so‘mlik mablag‘larni tadbirkorlik rivoji uchun qayta yo‘naltirish imkonini ham cheklamoqda.

Bundan tashqari, joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining budjet soliq qarzdorligi 57,3 mlrd. so‘mni tashkil qildi, avgust oyi davomida 22,5 mlrd. so‘mi undirilishi ta'minlandi. Qolgan qarzdorliklar miqdorini kamaytirish bo‘yicha soliq idoralari ta'sirchan choralarni ko‘rishi talab etilishi alohida ta'kidlandi.

Viloyatning eksport salohiyatini oshirish ko‘p jihatdan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatiga ham bog‘liq. Hozirda viloyatda “G‘ijduvon”, “Buxoro–Agro” (EIZ) hamda 8 ta kichik sanoat zonasi (KSZ) faoliyat yuritmoqda.  Ular faoliyatida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishda yechimini kutayotgan qator muammolar mavjud.  

Shu bilan birga, viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini ta'minlash, ayniqsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar samaradorligi ham pastligicha qolmoqda. 2019 yilga mo‘ljallangan mazkur dastur shu kunga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 33 foizga bajarilgan.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat tashkilotlarini jalb qilgan holda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilab olish hamda ularning o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatish lozimligini uqtirdilar. Xususan, mas'ul tuzilmalarni jalb qilgan holda faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik sub'yektlarining aniq ro‘yxatini shakllantirib, kelgusida ular ishini qayta yo‘lga qo‘yish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top