16:33 / 04.09.2019
35
76585
DTM «soxta abituriyent»lar qanday aniqlanganini ma'lum qilib, ularning suratini joylashtirdi
Foto: KUN.UZ

2019 yil 29 iyul – 15 avgust kunlari kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shakllari bo‘yicha respublika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari adolatli, shaffof va belgilangan tartib asosida o‘tdi, deb xabar bermoqda Davlat test markazi.

Qayd etilishicha, birgina binoga kirishda zamonaviy texnika vositalari va usullarning qo‘llanilishi shaffoflik va adolatni ta'minlash borasida keskin oldinga siljish bo‘ldi.

Avvalgi yillarda qabul jarayonida abituriyent suratga tushar va uni asl abituriyentning o‘rniga «soxta abituriyent» rasmga tushishi orqali soxtalashtirish mumkin edi. Bu, o‘z navbatida, amaldagi tartibning qo‘pol buzilishiga olib kelar, achinarlisi, bunday holatlarni aniqlash murakkablik tug‘dirar edi.

Joriy yilda o‘tgan yillar tajribalaridan kelib chiqqan holda, abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ularning pasport ma'lumotlari va rasmlari Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining pasport viza tizimidan olindi va test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga kirishda videofiksatsiya qurilmalari orqali abituriyentlarning shaxsi aniqlandi. Videofiksatsiya qurilmalari orqali tekshirilganda moslik darajasi past bo‘lgan hollarda, barmoq izlarini tekshirish vositalari ishlatildi. Bu usul soxtaliklarni aniqlashda ancha qo‘l keldi. Natijada binoga kirishga harakat qilgan ko‘plab «soxta abituriyent»lar aniqlandi. Ularning barchasi belgilangan qonunchilik doirasida chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga topshirildi.

Davlat test markazi ayrim soxta abituriyentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtirgan.

Rasmlarda chap tomonda abituriyentlar, o‘ng tomonda abituriyentning o‘rniga test sinovlariga kirishga harakat qilgan shaxslar suratlari keltirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top