20:20 / 04.09.2019
23
42757

O‘zbekistonda «Bilimlar kuni»: Barcha viloyatlarda hokimlar maktabda dars o‘tdi

Shu yilning 23 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda boshqa rahbarlar maktablarga borib, dars berish tartibini joriy etish vazifasi topshirilgandi. Bugun, 4 sentabr kuni respublikaning barcha viloyatlari hokimlari o‘zlari o‘qigan maktabga borib, o‘quvchi-yoshlarga «Mustaqillik darsi»ni o‘tishdi.

Andijon viloyati

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahridagi 18-umumta'lim maktabidagi birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlarida ishtirok etib, o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. So‘ng maktabning 11-sinf o‘quvchilariga «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi. Viloyat hokimi dars davomida ona vatanni sevish insoniy burch ekanligi, unga munosib farzand bo‘lish uchun har bir o‘quvchi yetuk bilimga ega bo‘lishi zarurligi haqida so‘zladi.

Buxoro viloyati

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev o‘zi ta'lim olgan Qorako‘l tumanidagi 15-sonli umumta'lim maktabida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan o‘tkazilgan «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» shiori ostidagi tadbirda ishtirok etdi.

Tadbir davomida viloyat rahbari ta'lim maskani o‘qituvchi va o‘quvchilarini yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Shuningdek, viloyat rahbari o‘zining hayotidan misollar keltirib, ular erishgan muvaffaqiyatlarda maktabdagi ta'lim va tarbiyaning roli katta bo‘lgani, qolaversa, o‘quvchilarga maktab davrida yaxshi o‘qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi haqida qisqacha ma'ruza qildi. O‘quvchilarga o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alarini topshirdi. Ta'lim maskanida o‘quvchi yoshlar pedogogik jamoa uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Jizzax viloyati

Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Jizzax shahridagi H.Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatidagi «Bilimlar kuni» tadbirida ishtirok etdi.

Viloyat hokimi ishtirok etgan «Mustaqillik darsi»da ko‘zi yonib turgan bolajonlar mamlakatning ertasi, bugungi olib borilayotgan islohotlarning davomchisi va buyuk ajdodlarning munosib avlodi, jannatmakon yurtning haqiqiy merosxo‘ri ekani va ular uchun barcha shart–sharoitlarni yaratish barchaning zimmasidagi muqaddas burch va vazifa ekanligi ta'kidlab o‘tildi.

Navoiy viloyati

Navoiy viloyatida «Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik» shiori ostida barcha umumta'lim maktablarida «Mustaqillik darslari»ni viloyat hamda tuman va shahar sektor rahbarlaridan 51 nafari, viloyat korxona va tashkilot rahbarlaridan 50 nafari, mahalliy deputatlardan 260 nafari o‘zlari ta'lim olgan maktablarga borib, «Bilimlar kuni» tadbirlariga qatnashib, «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» mavzusida Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi hamda Navoiy viloyat hokimligi hamkorligida yaratilgan tavsiya asosida mustaqillik darslarini o‘tishdi.

Viloyat hokimi Qobil Tursunov ham Karmana tumanidagi o‘zi tahsil olgan 21-sonli umumta'lim maktabida bo‘lib, ta'lim maskaniga ilk qadam quygan bolajonlarga Prezident sovg‘alarini tantanali topshirdi hamda 11 sinf o‘quvchilariga dars o‘tdi

Namangan viloyati

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, 4 sentabr kuni Namangan shahrida yangi qurib foydalanishga topshirilgan 84-umumta'lim maktabiga tashrif buyurib, tantanali ochilish marosimida va «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirida qatnashdi.

Shuningdek, Chortoq tumanidagi o‘zi ta'lim olgan 9-umumta'lim maktabiga tashrif buyurib, «Bilimlar kuni» shodiyonasida ishtirok etdi hamda 9-sinf o‘quvchilariga mustaqillik darsini o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev maktablardagi «Birinchi qo‘ng‘iroq» bayram dasturlarida ishtirok etdi. Koson tumanidagi 62-umumta'lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi so‘zga chiqib, o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi va maktab ta'limining inson hayoti davomidagi o‘rni haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, viloyat hokimi o‘quvchilarga «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi. Unda O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta'minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelayotganini alohida ta'kidladi.

O‘quvchilar bilan uchrashuv davomida maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan bolajonlarga Prezident sovg‘alari topshirildi.

Samarqand viloyati

Samarqand davlat universiteti Bosh maydonida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan viloyat hokimligi va jamoatchiligi, talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, universitet talabalarini yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Shuningdek, viloyat hokimi mustaqillik darslarida ham qatnashdi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 80ta maktabda «Bilimlar kuni» va «Mustaqillik darslari» o‘tkazildi

31-umumiy o‘rta ta'lim maktabidagi tadbirga maktabning sobiq o‘quvchilari – viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov va Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov ishtirok etib, o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng o‘zlari tahsil olgan sinfxonalarda bo‘ldi va o‘quvchi-yoshlarga «Mustaqillik darslari»ni o‘tishdi.

Sirdaryo viloyati

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining ochilish marosimida ishtirok etdi.

So‘ngra  viloyat hokimi Sardoba tumanidagi 18-maktabda bo‘lib o‘tgan «Birinchi qo‘ng‘iroq» bayram dasturlarida qatnashdi va yuqori sinf o‘quvchilariga «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi. Viloyat hokimi o‘quvchilarning fizika, matematika, ona tili fanlari bo‘yicha bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar asosida sinovdan ham o‘tkazdi.

Surxondaryo viloyati

Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 18- umumta'lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etib, bilimga chanqoq o‘quvchilar, ustozlar, mahalla faollari va ota-onalarni mustaqilligimizning 28 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan qizg‘in qutladi. Keyingi yillarda ta'lim-tarbiyadagi islohotlar o‘qitishni sifat va mazmun jihatdan yanada yaxshilash, bolalarga puxta va mukammal bilim berish, ularni milliy an'ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga qaratilganini alohida ta'kidladi.

Maktabning 9-sinfida boshlangan ilk darsda viloyat hokimi kelajak sari intilayotgan bu yoshlarga Vatanni sevish, uning tinchligini asrab-avaylash, taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir farzandning burchiga aylanishi, asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yo‘lida o‘quvchilar kuchli bilimga ega bo‘lishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligini alohida ta'kidladi. Viloyatda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulug‘vor ishlar, erishilgan yutuq va marralar haqida hayotiy misollar vositasida so‘zlab berildi.

Toshkent viloyati

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatov Qibray tumanidagi 4-umumta'lim maktabida o‘quvchi-yoshlarga «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi.

Viloyat rahbari maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga vatan taraqqiyoti, uning istiqboli, yurtimiz va jahondagi hozirgi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, bunda bizning o‘rnimiz qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

Farg‘ona viloyati

Farg‘ona viloyatidagi ta'lim muassasalarida ham yangi – 2019/2020 o‘quv yili «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» shiori ostidagi «Mustaqillik darslari» bilan boshlandi. 

Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev Farg‘ona shahridagi 10-umumta'lim maktabida o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Viloyat hokimi maktab faoliyati bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, ularga chuqur bilim egallashlarida muvaffaqiyat tiladi. Birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi.

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va Urganch tumani hokimi Frunze Sharipov Urganch tumani «Qoramon» mahallasidagi yangi 315 o‘rinli 49-umumta'lim maktabining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.

Viloyat hokimi maktab faoliyati bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, ularga chuqur bilim egallashlarida muvaffaqiyat tiladi. Birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov Xo‘jayli tumanida joylashgan 1-son Mehribonlik uyiga tashrib buyurib, muassasada ta'lim olayotgan o‘quvchilar bilan o‘qituvchilarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi va Prezident sovg‘asi «Gazel» avtomobili va maktab qurollarini tantanali ravishda topshirdi.

Toshkent shahri

Bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham o‘zi o‘qigan Shayxontohur tumani, Huvaydo mahallasidagi 169-maktabga borib, «Bilimlar kuni»ga bag‘ishlangan tantanali tadbir va «Mustaqillik dars»larida ishtirok etdi.

Shahar hokimi o‘z nutqida maktab pedagogik jamoasi, bilimga chanqoq o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan uchrashganligidan mamnunligini bildirib, mustaqillikning tarixiy ahamiyati, istiqlol sabab qo‘lga kiritilgan huquq va imkoniyatlar, yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. Ayni paytda yurtimiz taraqqiyotning yangi bosqichida ekanligini e'tirof etgan holda, bunda ta'lim tizimini tubdan rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimi tantanali yig‘ilishdan so‘ng 9-sinf o‘quvchilari uchun «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi. Ma'nan yuksak va jismonan barkamol avlodni ulg‘aytirish davlatimiz va jamiyatimiz oldidagi muhim vazifalardan biri ekanligiga e'tibor qaratdi. O‘quvchilarga ta'lim-tarbiyaning inson kamoloti va yutuqlaridagi o‘rni haqida hayotiy misollar keltirdi. Bitiruvchilar uchun muhim masala kasb tanlash ekanligiga e'tibor qaratib, ularni qiziqtirayotgan mutaxassisliklar haqidagi fikrlarini tingladi. Yaqin 10 yilda yuksak malakali pedagoglar, axborot-kommunikatsiya sohasi mutaxassislari va shifokorlarga talab yuqori bo‘lishini qayd etib, yoshlarga kasb tanlash borasida muhim ko‘rsatmalar berdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top