18:10 / 04.09.2019
0
5221

Taqiqlangan dori vositalarini olib kirishga uringan shaxslar fosh etildi 

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Bojxonachilar tomonidan tarkibida psixotrop va giyohvandlik moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarining respublikamizga noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Olmaota-Nukus” xalqaro yo‘lovchi poyezdining yo‘lovchilaridan biri, xorijiy fuqaro J.R.ning yuklari tekshirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Natijada, ushbu shaxsning yuklari orasida deklaratsiyalanmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan tarkibida giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan 50 dona “Tramadol lannaxer” nomli dori vositalarini bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotgani fosh etildi.

Shuningdek, “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan fuqarolar Sh.O‘. va V.N. nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmalari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarkibida psixotrop moddasi bo‘lgan 30 dona “Dexamol” hamda 20 dona “Fenazepam” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top