07:45 / 04.09.2019
149697

Xalq ta'limi vazirligi yangi o‘quv yilidagi 10ta yangilik haqida ma'lum qildi

Foto: O‘zA

Joriy yilning 4 sentabr kuni mamlakatda faoliyat yuritayotgan 9904 ta davlat umumta'lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili boshlanadi. Ta'kidlash joizki, mazkur o‘quv yilida maktablar o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 213 taga ko‘paydi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi.

4 sentabr kuni respublikaning barcha umumta'lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Barcha umumta'lim maktablarida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida mustaqillik darslari tashkil etiladi.

Mazkur darslarni ta'lim muassasalarida yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan uslubiy tavsiya, dars ishlanmasi va slayd-taqdimoti tayyorlanib, yurtimizdagi barcha ta'lim muassasalariga yetkazildi.

Joriy yilda 937 ta maktabda investitsiya va boshqa davlat dasturi doirasida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, buning uchun 2,86 trln so‘m mablag‘ sarflandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga (1,47 trln so‘m) nisbatan qariyb ikki baravarga ko‘p demakdir. Shuning o‘zi maktablarga qanchalik yuksak e'tibor berilayotganligidan dalolatdir.

Ta'lim sifati nisbatan yuqori bo‘lgan ta'lim muassasalari tajribasini boshqa umumta'lim maktablarida joriy etish maqsadida namunali maktablar negizida 71 ta tarmoq maktablari tashkil etildi.

Faoliyatini tugatayotgan 383 ta kasb-hunar kollejlarining binosi (shundan 154 tasi yangi maktab, 229 tasi qo‘shimcha bino) maktablarga berilishi natijasida qo‘shimcha 224 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratildi.

Investitsiya dasturi doirasida 53 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari yangi qurilish va 210 tasini rekonstruksiya qilish hisobiga jami 646 ta maktablarda belgilangan me'yorlarga nisbatan sig‘imi 1,5 koeffitsiyentgacha tushishiga erishildi. Bu esa o‘z navbatida o‘quvchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilab, ta'lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Umumta'lim maktablarini jihozlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 avgustdagi 671-f-son farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjatga asosan, 2019 yilda 533 ta umumta'lim ta'lim maktablari 68 292 to‘plam parta (1 dona parta, 2 dona stul), 6 614 ta o‘qituvchi stoli, 7 995 o‘qituvchilar stuli, 4 838 ta sinf doskasi, 115 to‘plam fizika laboratoriyasi, 117 to‘plam kimyo laboratoriyasi, 118 to‘plam biologiya laboratoriyasi, 80 ta faollar zali, 72 ta o‘quv ustaxona, 340 ta ma'muriy-metodik xona (shundan 90 tasi kutubxona), 27 ta sport zal, 86 ta oshxona jihozlari bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda jihozlar bosqichma-bosqich maktablarga yetkazilmoqda.

2019-2020 o‘quv yilida maktablarda jami 6,16 mln. nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu esa o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 338,56 ming nafar o‘quvchi ko‘p ekanligidan dalolat beradi. Shundan 620 ming nafardan ortiq o‘quvchilar ilk bor 1-sinfga qadam qo‘yadi.

O‘quv yilining birinchi kunida 1-sinfga chiqqan barcha o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi” topshiriladi. Joriy o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi mahsulotlarning sifatiga katta ahamiyat berildi.

1-sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘asi”dan 12 turdagi o‘quv qurollari o‘rin olgan.

Jumladan, yorug‘lik qaytargich elementlari bo‘lgan portfel, 2 xil chiziqdagi 12 dona daftar, qalamdon, rasm daftari, rangli qog‘oz, sharikli ruchka, akvarel bo‘yoqlari, rangli qalamlar jamlanmasi, yelim, oddiy qalamlar va o‘chirg‘ich yangi o‘quv yilining ilk kuni “Prezident sovg‘asi” sifatida 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladi.

2019-2020 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 1-, 3-, 8-, 9-sinflari uchun jami 479 nomda 36,5 mln. nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etildi.

Yangi o‘quv yili uchun darslik hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarni nashrga tayyorlashda asosiy e'tibor mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob berishiga qaratildi.

Yana bir yangilik, o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2019-2020 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 8-9-sinflar uchun Texnologiya darsligining yangi avlodi (mustaqillik yillarida ilk marotaba) chop etildi hamda ijara tizimiga kiritildi. Ahamiyatlisi, mazkur darsliklar 7 tilda nashr etildi.

Texnologiya va 8-sinf Ona tili darsliklari mazmuni o‘quvchilarning texnik qobiliyatini rivojlantirishga oid amaliy, kreativ, mantiqiy yondashuvga asoslangan topshiriqlar bilan boyitildi. Bu STEAM texnologiyalari talablari asosida amalga oshirildi.

8-sinflar uchun Geografiya, Texnologiya hamda O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari darsliklarida QR-kod yordamida qo‘shimcha ma'lumot olish imkoniyati yaratildi. 8-9-sinf Tarix darsliklari xaritalar bilan boyitildi.

2019-2020 o‘quv yilida imkoniyati cheklangan bolalar maktab va maktab-internatlari uchun 78 nomda 60,6 ming nusxa darslik hamda o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Shundan 8 nomdagisi ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosidagi darsliklar hisoblanadi. Darsliklar maktablarga yetkazildi.

2019-2020 o‘quv yilida 247 372 dona sinf jurnallari chop etilib, “O‘quv ta'lim-ta'minot” Davlat unitar korxonasi tomonidan barcha umumiy o‘rta ta'lim maktablariga yetkazildi.

Bundan tashqari, 99 440 dona 1-4-sinf jurnallari, 633 575 dona baholar tabeli (1-11-sinflar), 453 207 dona baholar tabeli (10-11-sinflar uchun) va 15 000 dona to‘garak mashg‘ulotlar jurnallari ta'lim muassasalariga yetkazildi.

2019-2020 o‘quv yili rejasi Xalq ta'limi vazirligining 2018 yil 29 oktyabrdagi 266-son buyrug‘i bilan tasdiqlanib, hududiy boshqarmalar orqali barcha umumta'lim maktablariga yetkazildi.

Bu yilgi o‘quv rejaga kiritilgan eng katta o‘zgarishlardan biri - ta'lim rus tili va qardosh tillarda olib boriladigan umumta'lim maktablarida davlat (o‘zbek) tilini chuqurroq o‘rgatish maqsadida 5-sinfdan boshlab, o‘zbek tili faniga haftasiga qo‘shimcha 1 soat qo‘shib berildi.

2019-2020 o‘quv yili oldidan xalq ta'limi muassasalari rahbarlari mas'uliyati va tashabbuskorligini, pedagog xodimlar kasbiy mahoratini yanada oshirish, o‘quv dastur va darsliklardagi yangilik, o‘zgarishlar bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish, yangi o‘quv yilidagi muhim va ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida joriy yilning 15-16 avgust kunlari “Ta'limda islohotlar: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik” shiori ostida respublika o‘quv-seminari videokonferensiya shaklida tashkil etildi.

Bu yil ilk bor, barcha tuman (shahar) studiyalaridan (250 ta) o‘quv-seminarda 132 ming nafardan ortiq xalq ta'limi tizimi rahbar va pedagog xodimlari ishtirok etdi.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan avgust kengashi materiallari elektron variantlarda (diskda) hududlarga yetkazildi. Shuningdek, ushbu materiallar Respublika ta'lim markazining telegram sahifasiga joylashtirildi.

Avgust kengashlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahri xalq ta'limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan o‘quv-seminarlari joriy yilning 19-20 avgust kunlari, tuman (shahar)larda esa fan yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘'ba yig‘ilishlari hamda yalpi yig‘ilishlar 22-24 avgust kunlari, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida pedagogik kengashlar 27-28 avgust kunlari o‘tkazildi.Yana bir muhim jihat shundan iboratki, darslik va o‘quv-metodik adabiyotlarning mazmuniga xalqaro baholash dasturi PISA, TIMSS talablari singdirildi. 

Shuningdek, darsliklar innovatsion yondashuv asosida tayyorlandi. Bunda o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan ta'limiy o‘yin, mashq, masala va topshiriqlarga urg‘u berildi.

Top