12:18 / 05.09.2019
2
11776
Buxoro «aqlli» hisoblagichlar bilan qamrab olinmoqda: bu texnologiyalar innovatsion yechimmi?

Tilimizga «aqlli» hisoblagichlar iborasi kirib kelganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, hududlarda iste'molchilarni zamonaviy hisoblagichlar bilan ta'minlash ishlari yakunlanmoqda. Ayni vaqtda Buxoro viloyatida 230 ming xonadonda yangi hisoblagichlar ishlab turibdi. Hozirda G‘ijduvon, Peshku va Vobkent tumanlarida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish ishlari yakunlandi.

Noqonuniy foydalanmoqchi bo‘lsangiz, hisoblagich operatorga xabar yuboradi.

Biz bu boradagi yangiliklarni bilish va yangi hisoblagichning xususiyatlarini o‘rganish uchun Buxoro viloyatida bo‘ldik. Yangi tizim debitor qarzdorlikka butunlay barham berish, elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya yo‘qolishini keskin qisqartirish va undan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkonini berar ekan. Bu borada viloyatda Janubiy Koreya bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu asosda elektr energiyasi ta'minoti sifati imkoniyatlarini keskin ko‘tarishi kutilayotgan loyiha – elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etilmoqda.

– Avvaliga Qorovulbozor tumanida bu loyihani sinovdan o‘tkazdik, – deydi EEHO va NQAT loyihasini joriy qilish bo‘yicha «Koreya Telekom» kompaniyasining Buxoro hududiy vakili Xan Su Kim. – Loyiha ko‘magida qarzdorlik 90 foizga kamayib, tushumlar 60 foizga ortganiga guvoh bo‘ldik. Yil oxiriga qadar Buxoro viloyati to‘liq qamrab olinadi. Har bir hudud bilan avtomatik aloqa yo‘lga qo‘yiladi. Asosiysi iste'molchi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanmoqchi bo‘lsa, avtomatik o‘chib, operatorga xabar yuboradi. Ushbu hisoblagichni ochishga urinib ko‘rsangiz bas, kompyuter markazidagi signal ishga tushib, qaysi hudud, qaysi xonadonda ushbu voqea bo‘layotganigacha xabar beradi. Bu esa yangi tizimda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish butunlay barham topishiga olib keladi.

Elektron hisob tizimi har kuni ertalab iste'molchi qancha elektr energiya ishlatgani haqida ma'lumot oladi. Agar uning hisobvarag‘ida mablag‘ kam qolgan bo‘lsa, «sms» xabarnoma boradi. So‘ngra tizimga avtomatik tokdan ajratish haqida topshiriq beriladi. Qarzdorlik bartarf etilishi bilan tizimni yoqish haqida xabar yuboriladi. Muhimi bu tizim inson omilisiz to‘laligicha avtomatlashtirilgan.

Zamonaviy hisoblagichlarning ishlashidan shikoyatlar mavjud emas. Bunday holat isbotlangan vaziyat mavjud ham emas. Bunda bitta narsani inobatga olish kerak. Ya'ni hisoblagichlarda ikkita o‘lchov nuqtasi bor. Biri faol faza bo‘lsa, ikkinchisi «nol» o‘lchov nuqtasi. Mazkur nuqtalarning qaysi birida kilovatt ko‘p bo‘lsa, shu hisobga olinadi.

«Aqlli» hisoblagich yong‘inni oldini oladi, iste'molchini ogohlantiradi. Negaki, yangi hisoblagichlarda elektr energiyasi uchun to‘langan mablag‘ tugasa, avtomatik tarzda elektr uzatish to‘xtatiladi. Qolaversa, bitta xonadon sohibi me'yordan ortiq, elektr uskunalari ko‘tarolmaydigan darajada katta miqdorda elektr energiyasidan foydalansa ham «aqlli» hisoblagich bir necha daqiqaga o‘chib qolib, iste'molchini ogohlantiradi.

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati vakili Qahramon Quvvatov bilan Buxoro shahridagi ayrim ko‘p qavatli xonadonlarga o‘rnatilgan hisoblagichlarni ko‘rdik. Ulardagi rang-barang chiroqlarning o‘ziga xos xususiyati haqida bilib oldik.

– Bu shkafda bir nechta xonadonga tegishli bo‘lgan zamonaviy hisoblagichlar mavjud, – deydi Q.Quvvatov. – Agarda yashil chiroq yonib turgan bo‘lsa, (ASKUE) tizimi bilan aloqasi bor. Sariq rangda bo‘lsa, aloqa o‘rnatilmagan bo‘ladi. Ikkita qizil rangli chiroqlar esa xonadonda elektr energiyasi iste'mol qilinmayotganidan darak beradi. Mana bu abonent hisoblagichi fevralda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan davrda 888 kilovatt energiya ishlatilgan. Bu o‘rtacha me'yorlarga mos keladi. Yangi hisoblagichlarning sezuvchangligi juda yuqori. U oqib o‘tayotgan barcha elektr energiyani to‘liq hisoblab beradi. Shuningdek, agar umumiy kuchlanish 264 kilovattdan oshsa, besh daqiqa kutadi, o‘zgarish bo‘lmasa, tarmoqdan avtomatik ajratadi. Shu orqali har xil yong‘in holatlarini oldini oladi.

Shu hududda yashovchi insonlardan birini yangi hisoblagichlar haqidagi fikrini so‘radik.

– Qariyb 20 yil mahalla oqsaqoli bo‘lib ishlaganman, – deydi o‘zini mehnat faxriysi deb tanishtirgan otaxon Bozor Ramazonov. – Shu davrda elektrdan qarzdorlikni undirish va u bilan bog‘liq boshqa muammolarni bartaraf etishda ko‘p ishtirok etganman. Yangi hisoblagichni xonadonimizga o‘rnatib ketishganda juda quvondim. Qulayligi uning avtomatik boshqarilishi va oldindan haq to‘lanishi ekan. Endi mahallada kimdir to‘lamagan bo‘lsa, boshqalar aziyat chekmaydi. Hamma oldindan harakatini qilib qo‘yadi. Bilganimiz xalqni haqi kuymaydi, davlatni ham naqdi kuymaydi. To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash borasida har bir fuqaroning mas'uliyati oshadi. Hisob-kitobda chalkashlik bo‘lmaydi.

Sohadagi muammolardan biri elektr energiyasining texnologik yo‘qotilishi bo‘lib, bu ko‘rsatkich joylarda umumiy iste'molning 15 foizidan 25 foizigacha tashkil etadi. Yangi hisoblagichlarda bu o‘rtacha to‘rt foiz ekani aytilmoqda. Bu esa elektr energiyasi iste'molida rekord darajadagi past yo‘qotishdir. Agar shu tarzda yurtimizda 15-18 foiz elektr energiyasining texnologik yo‘qotilishi oldi olinganda ham bu kamida yana bir viloyatga yetarli elektr energiyasi deganidir.

– Yangi hisoblagichning biz uchun eng muhim tomonlaridan biri – hisob-kitobda chalkashlikning yo‘qligi, – deydi «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining moliya va elektr sotish masalalari bo‘yicha direktori Ilhom Aslonov. – To‘lov oldindan bo‘ladi. Iste'molchilar qancha elektr energiyasi sarflayotgani haqida har yarim soatda ma'lumot olib turishi mumkin. Buning uchun telefoni yordamida bizning dasturimizga ulanishi kerak. Aslida, elektr energiyasi ham xalqning mulki, kimningdir noqonuniy foydalanishi vaqti kelib, barchaga ziyon yetkazadi. Yangi tizimda esa inson aralashuvi bo‘lmaydi. Barcha jarayonlar avtomatik tarzda bo‘ladi. Mana Vobkent tumanidagi Paxtakor mahallasi hududidagi mazkur maskanda qariyb 900 nafar iste'molchining ma'lumotlari yig‘ib boriladi. Aslida bu qurilma mingta abonentga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Biz istiqbolda hududda iste'molchilar ko‘payishini hisobga oldik.

– Mahallamizga to‘rtta transformator qurilib, 560 xonadondagi hisoblagichlar to‘liq almashtirildi, – deydi Vobkent tumani «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Maston Bozorov. – Oldin uchta transformator bor edi, ularning yoniga to‘rtta qo‘shilgani hisobiga qo‘shimcha zaxira yaratildi. Kelajakda biror-bir tadbirkor ish boshlasa, unga ham elektr bemalol yetadi.

Mazkur mahallada zamonaviy hisoblagichlar xonadonlarning fasadiga ya'ni ko‘chaga o‘rnatilgan ekan. Bu xavf tug‘dirmaydimi, bolalar tegishi mumkin-ku? degan savolga mutaxassislar javob berdi.

– Hisoblagichlarning sirti germetik qoplama bilan qoplanib, qulf kalit o‘rnatilgan, –deydi «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining moliya va elektr sotish masalalari bo‘yicha direktori Ilhom Aslonov. – Har qanday xavfning oldi olingan. Ularning ko‘cha tarafga o‘rnatilganiga kelsa, bu aholiga ham, bizning xodimlarga ham qulay. Uy egalari uyda bo‘lmasa ham xodimlar kerak bo‘lganda hisoblagich ko‘rsatkichini yozib ketishi, tekshiruvdan o‘tkazishi mumkin.

Yana bir gap. Buxoro viloyatidagi «aqlli» hisoblagichlar dam olish kunlari mablag‘i tugagan abonentni tarmoqdan ajratmaydi. Bayramlar, kechki 17.00 dan ertalabki 7.00 gacha ham elektrni o‘chirib qo‘ymay, qarzga ishlayverar ekan. Aholining imkoniyati va moliya muassasalarida bu vaqtda to‘lov qabul qilish bilan bog‘liq qobiliyati hisobga olinib, dasturga ana shunday topshiriq berilgan.

Ko‘p tarmoqli mazkur hisoblagichlar bilan kelajakda elektrni qabul qilish va uzatish imkoniyati bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, kunning qaysi qismida qancha energiya ishlatilgani haqida ham ma'lumotlar olish mumkin. Yil oxiriga qadar Buxoro viloyatidagi barcha hisoblagichlar «aqlli»lariga almashtirilishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top