18:41 / 05.09.2019
3
37081

Muddatli harbiy xizmat muddati kalendar hisobida 12 oy etib belgilandi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

5-moddaning (Muddatli harbiy xizmat) ikkinchi qismi (Muddatli harbiy xizmat muddatlari kalendar hisobida) quyidagi tahrirda bayon etildi: «Muddatli harbiy xizmat muddati kalendar hisobida o‘n ikki oy etib belgilanadi»;

6-moddaning (Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat) birinchi qismidagi (Muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar) «Muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli» degan so‘zlar «Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

14-modda (Chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi):

birinchi qismidagi (Chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv muassasalarida amalga oshiriladi) «O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv muassasalarida» degan so‘zlar «mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlarida (bundan bayon matnda mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlar deb yuritiladi)» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

uchinchi qismidagi (O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv muassasalarida harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka o‘n yetti yoshga to‘lgan, salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli hamda tayyorgarlik tugaganidan keyin harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan chaqiriluvchilar jalb etiladi) «O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv muassasalarida» degan so‘zlar «mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlarda» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

oltinchi qismi (Chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv muassasalaridagi tayyorgarligini moliyalashtirish uning Markaziy Kengashi orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va moliyalashtirishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalari hisobidan amalga oshiriladi) quyidagi tahrirda bayon etildi: «Chaqiriluvchilarning mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlardagi tayyorgarligini moliyalashtirish Mudofaa vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va moliyalashtirishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalari hisobidan amalga oshiriladi».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top