17:33 / 05.09.2019
1
15297
O‘zbekiston hozircha AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirmayapti 
Foto: 123RF

O‘zbekiston hozircha AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirmayapti, deb ma'lum qildi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Avvalroq moliya vaziri Jamshid Qo‘chqarov Reuters agentligiga bergan intervyusida, O‘zbekiston Markaziy banki o‘z valuta rezervlaridagi oltin ulushini kamaytirish va AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirayotganini aytgandi.

Keyinroq esa Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurotov Bloomberg bilan intervyuda boshqa mamlakatlar, xususan Xitoyning qarz majburiyatlarini sotib olish rejasi borligini ma'lum qilgandi.

«Hozircha bunday reja yo‘q», – dedi Isoqov. Markaziy bank ham bunday reja yo‘qligini tasdiqladi.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, sotib olish protsedurasi kelgusida boshlanishi mumkin. Hozirda bu masala ko‘rib chiqilmoqda. 

Isoqov O‘zbekiston xalqaro rezervlardagi oltin ulushini kamaytirib, daromadliroq aktivlarga pul tikishi yaxshiroq bo‘lishini ta'kidladi.

«Katta daromad olish imkoniyati mavjud. Yuqori foizlar keltiruvchi aktivlarga pul tikish kerak. Rivojlanayotgan davlatlarda bu borada katta tajriba bor. Ularning barchasi o‘z rezervlarini diversifikatsiya qiladi», – dedi u.

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro rezervlari 2019 yil 1 avgust holatiga 27,7 mlrd dollarga teng bo‘lib, 15 mlrd dollardan ortiqrog‘ini oltin tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top