13:50 / 05.09.2019
7
37077

Terma jamoalardagi «tanish-bilish» va talabga javob bermaydigan sport musobaqalari: Prezident bosh vazirga yangi topshiriq berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Kelajakdagi Olimpiadalar va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda hozirgi mavjud kamchiliklarni takrorlamaslik uchun, avvalambor, sportchilarni saralash (seleksiya), tayyorlash va musobaqalarda qatnashish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish zarur. Buning uchun sport turlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, sportchilarni saralash metodologiyasini yaratish lozim. Aks holda, terma jamoalarga sportchilarni jalb etish tizimi ochiq-oshkora bo‘lmay, yana o‘sha «tanish-bilish»dan nariga o‘tmaydi. 

Shu o‘rinda yana bir masala – joylarda sport musobaqalarini tashkil etish umuman talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahridagi 131 ta shahar va tumanlarda joriy yil uchun belgilangan musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagan. Shu bilan birga, respublika miqyosida o‘tkazilgan 230 ta sport musobaqalarining 147 tasida Toshkent shahri, 164 tasida Farg‘ona viloyati, 113 tasida Namangan viloyati, 95 tasida Navoiy viloyati jamoalari umuman ishtirok etmagan. 

Sportchilar musobaqalarda muntazam qatnashmasa, o‘z mahoratini qanday oshiradi? Bu o‘z navbatida milliy terma jamoa tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Vazirlar Mahkamasi (Aripov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Milliy olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov) bir oy muddatda har bir olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni saralash va tayyorlash metodologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlasin. Bunda, har bir hududdagi mavjud sport muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, seleksiya va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilsin.

Vazirlar Mahkamasi (Aripov), Moliya vazirligi (Qo‘chqorov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev) 2020 yildan boshlab, tuman (shahar) miqyosida sport tadbirlarini moliyalashtirishning mutlaqo yangicha tizimini yo‘lga qo‘ysin», - dedi davlat rahbari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top