15:40 / 06.09.2019
5
25899
Kattaqo‘rg‘onda magistral gaz quvuri yaqinida joylashgan o‘nlab uylar buzilishga tushgan - aholi bundan keskin norozi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Kumushkent» mahalla fuqaro yig‘ini Lo‘blaxo‘r va Haymar qishlog‘i aholisidan Kun.uz saytiga murojaat kelib tushdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Oldinga o‘tib aytish kerakki, bu ikki qishloqda o‘nlab uylar «snos»ga tushgan. Kun.uz muxbiriga o‘z e'tirozlarini bildirish uchun har ikki qishloqdan o‘nlab kishilar yig‘ildi. Qishloqlar aholisining e'tirozi murojaatlariga quloq tutamiz.

Lo‘blaxo‘r qishlog‘i oqsoqoli Odil Hamdamov va Haymar qishlog‘idan Shuhrat Hamdamov va boshqa fuqarolarga ko‘ra, ota-onalari, bobolari uzoq yillar avval shu joylarda mehnat qilib, kolxozdan uy qurish uchun uchastka olishgani, ko‘p yillardan buyon bu yerlarda uy joy qurib foydalanib kelishayotganini aytib o‘tishdi. Bir paytlar gaz quvurining himoya zonasi 100 metr bo‘lgani, bugungi kunga kelib muhofaza zonasi quvur o‘qidan har ikki tomonga 200 metr etib belgilangani bois, ko‘plab uylar buzilishga tushib qolganini aytib o‘tishdi.

Gap shundaki, bu qishloqlar yaqinidan «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli, yuqori bosimli, 720 mm diametrli gaz tashuvchi quvuri o‘tgan.

Qishloqlar aholisi 1958 yilda barpo etilgan mazkur gaz quvurining muhofaza zonasi 100 metr bo‘lgani, 1982 yilda quvur kattaroq diametrlisiga almashtirilganidan so‘ng muhofaza zonasi kengayganini iddao qilmoqda.

Biroq, himoya zonasi 100 metr edi deyayotgan aholi nohaq. Chunki sobiq SSSR vaqtida — 1981 yilda amalda bo‘lgan SNiP II-45-75 ga ko‘ra ham 600 mm.dan 800 mm.gacha bo‘lgan, bizning holatimizda 720 mm diametrli magistral gaz o‘tkazish quvurining himoya zonasi 200 metr bo‘lgan.

Eski SNiP o‘rniga 1986 yil 1 yanvardan kuchga kirgan SNiP 2.05.06-85* ga ko‘ra ham 720 mm diametrga ega magistral gaz quvurlarining himoya zonasi aholi turar joylari uchun 200 metr etib belgilangan.

Mustaqillik yillarida — 1997 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish me'yorlari va qoidalari — QMQ 2.05.06-97 da ham 720 mm diametrli gaz o‘tkazish quvurining muhofaza zonasi quvur o‘qidan har ikki tarafga 200 metr etib belgilangan.

«O‘ztransgaz» vakillari ayni paytda muhofaza zonasida bo‘lib turgan uylarda biror hujjat ham yo‘qligini ro‘kach qilishmoqda. Qishloqdagilar esa yerlar vaqtidan kolxoz tomonidan berilgani va hujjat hech kimda — muhofaza zonasiga tushmaganlarda ham yo‘qligini aytishmoqda.

Qishloqlar ahliga mikrofon tutganimizda ular uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan joyi sud qarori tomonidan noqonuniy deb topilib, ijro etilayotganidan norozi ekanini ta'kidlab, 13 yildan buyon Magistral gaz quvurlari boshqarmasidan bir ayol ularning tinchini buzayotganini, endi esa sud qaroriga ko‘ra MIB vakillari kelib, uylarni buzishga urinayotganini aytib o‘tishdi.

13 yildan beri Kattaqo‘rg‘ondagi odamlarning tinchini buzayotgan ayol —«Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasining muhofaza zonasidagi noqonuniy qurilmalar bo‘yicha mas'ul xodimi Nigora Xushvaqtovaning aytishicha, 1960-yillarda muhofaza zonasiga tushgan uylar buzilishi uchun kompensatsiya berilgan.

«Bu haqda zarur hujjatlar bor. Biroq kompensatsiya olganlardan ayrimlar uylarini buzmasdan, qariyb 50 yildan beri yashab kelmoqda va uy avloddan avlodga o‘tgan. Shuningdek, muhofaza zonasida o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan turarjoylar ham bor», dedi Nigora Xushvaqtova.

Uylarni buzish masalasida 2006 yilda sud qarori chiqqan, ayni paytda ijroga o‘tgan. Aholi faol ravishda MIBga qarshilik qilib kelmoqda. Ular uylari buzilgani uchun kompensatsiya talab qilishmoqda. Ayrim fuqarolar hech qayerga ko‘chmasligini, ularni tinch qo‘yishlarini mutasaddilardan talab qilishmoqda.

Mazkur masala yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A'zamxon Bahromov bilan ham gaplashdik.

Tuman hokimi uyi buzilishga tushgan xonadonlar uchun yopiq auksionda boshlang‘ich narxda yer uchastkalari ajratib berib yordam qila olishi mumkinligini bayon etdi. Noqonuniy qurilgan uylar uchun kompensatsiya nazarda tutilmagani, qolaversa, ayrimlar 30 va 50 yil burun kompensatsiya olib bo‘lgani, «O‘ztransgaz» ikkinchi marta kompensatsiya to‘lamasligini ham aytib o‘tdi.

Xullas, Kattaqo‘rg‘on tumanining bu qishloqlarida chigal vaziyat yuzaga kelgan. Aholi uzoq yillardan beri yashab kelayotgan uylari sud qaroriga ko‘ra buzilayotganidan norozi. Biroq gaz quvuri o‘tgan xavfli hududda yashash ham qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Kutilmagan, favqulodda vaziyat yuz berishi mumkin. Yaqindagina Buxoroda aynan shu gaz quvurida gaz sizib katta yong‘in kelib chiqqanini ham unutmasligimiz kerak.

O‘ylaymizki, bu ishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, mas'ullar va mutasaddilar kengashib, faqatgina sud qaroriga tayanmasdan, maslahatlashuv yo‘li bilan adolatli yechim topish kerak. Zero, o‘nlab oilalarning, yuzlab insonlarning taqdiriga befarq qarab bo‘lmaydi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top